Biron mamlakatda jabr-zulm va fisqu fasod kuchayib ketarkan, asl podshohlar adolat o‘rnatishib, fisq-fasodni, zulmni yo‘qotish niyatida ana shunday mamlakatga hujum boshlashi lozim. Tangri taolo shu niyatning sharofati bilan mamlakatni zolimning qo‘lidan tortib olib, odil (podshoh)ga topshiradi.
Chunonchi, men Movarounnaxr viloyatida adolat o‘rnatish niyatida uni zolim mo‘g‘ullar toifasining qo‘lidan tortib oldim.
Qaysi bir mamlakatda shariat zaiflashgan bo‘lsa, Olloh ulug‘ qilgan narsalarni xor tutsalar va Xudoning xos bandalarini ranjitsalar, chinakam jahongir sulton hazrati Muhammad sallollohu alayhi vasallam dini va shariatiga rivoj berish uchun o‘sha mamlakatta kirsin. Xudoning rasuli unga madadu inoyat ko‘rsatgay. Bunga misol, men Xindiston poytaxtini Feruzshohning[1] nabirasi Sulton Mahmuddan, Malluxon va Sarangdan[2] tortib oldim, dinu shariatga rivoj berdim va o‘sha diyorning butxonalarini buzdirdim.
Qaysi mamlakatning aholisi o‘z hokimi yoki voliysidan ozor chekkan va o‘sha diyor ahlining ko‘ngli o‘z voliysidan qolgan bo‘lsa, mamlakatlarni zabt etguvchi chinakam podshoh u yerlarni o‘z tasarrufiga olsin. Odil podshoh u yerga qadam qo‘yishi bilan fathu zafar ham unga yor bo‘lib, (u bilan) birga kiradi. Bunga misol, men Xuroson viloyatini Kurt sultonlaridan[3] ajratib oldim[4]. Xuroson poytaxti–Hirotga qarab yuzlanishim bilan Sulton g‘iyosiddin butun mamlakatni, xazina-dafinalari bilan peshkash qilib menga topshirdi[5].
Qaysi mamlakatda dindan qaytishlik, xudosizlik kuchaysa va u diyorning aholisi, sipohu raiyat turli maslakka kirib ittifoqlari buzilsa, u mamlakatning halokati yaqindir. Chinakam jahongir podshoh unday yurtni o‘z tasarrufiga olishi lozim. Misol uchun men Iroqi ajam va Fors viloyatlarini mal’un dinsizlar vujudidan tozaladim, zolim hukmdorlarni ag‘darib, xudo bandalarini ularning jabr-zulmidan qutqazdim.
Qaysi bir viloyat xalqining e’tiqodi hazrati Sayyid al-mursalin[6], unga Ollohning marhamatlari bo‘lsin, xonadoni aqidalaridan farkdanib o‘zgargan bo‘lsa, podshoxdar o‘sha viloyatni tasarruflariga olishlari va u yer aholisini buzuq e’tiqodlaridan qaytarishlari lozim. Bunga misol, men Shom viloyatiga kirib, buzuq e’tiqodli kishilarni jazoladim.
Jahongirlik qilishga kirishganimda to‘rt narsani xotirimda mahkam saqladim.
Birinchisi–qaysi mamlakatni zabt etmoqchi bo‘lsam, to‘g‘ri kengash va tadbir bilan ish tutdim.
Ikkinchisi–xatoga iul quymaslik uchun har bir ishni ko‘p o‘ylab, sergaklik va ehtiyotkorlik bilan qildim. Shuning uchun menga Ollohning madadu inoyati yetib, nima tadbir qo‘llagan bo‘lsam, to‘g‘ri va rost chikdi. Har yer el-ulusining tabiati va xalkdning mizojlarini xotirimga keltirib, ularning tabiatiga muvofiq yo‘l tutib, shunga qarab ularga hokim tayinladim.
Uchinchisi–uch yuz o‘n uch asil zotli, shijoatli va aql-farosatli er yigitlarni atrofimga birlashtirdim. Birlik-ittifokdari shunday ediki, hammalari go‘yo bir tandek edilar. Barchalarining maqsadlari, ra’ylari, so‘zlari va ishlari bitta edi. Bir ishni qilaylik deb qaror qilsalar, tugatmagunlaricha undan qo‘l uzmas edilar.
To‘rtinchisi–bugungi ishni ertaga qoldirmadim. YUmshokdik lozim bo‘lsa, muloyimlik qildim; qattiqqo‘llik ishlatish vaqti yetsa, qat’iy choralar ko‘rdim. Shoshmaslik kerak yerda shoshilmadim, shoshilinch ishlarni kechiktirmadim. Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji bo‘lsa, unda qilich ishlatmadim.
Kunduzlari tajribali va dono kishilar bilan turli mamlakatlarni zabt etish shatranji ustida bosh qotirdim. Kechalari bo‘lsa to‘shagimda yonboshlab olib, mamlakat ishlarini qanday yurgizish kerakligi haqida o‘yladim va ularni bajarish vositalarini o‘zimcha tasavvur qilib ko‘rdim. O‘zga mamlakatlarni zabt etish yo‘llarini o‘z ko‘nglimda chamalab, qay tarzda hujum qilib, qanday chekinish mumkinligini belgilar edim. Sipohiylarim bilan qanday muomala qilishim to‘g‘risida fikr yurgizib, qaysi birini qanday tarbiyat qilishim kerak, qaysi ishni qay biriga topshirsam, xato qilmagan bo‘laman deb, har ishning oldi-ketini o‘ylar edim.
Sipoh boshlikdaridan qaysi biri menga do‘stlik qilsa, uni haddan ortiq xayru ehsonlar bilan siyladim. Yaxshilik qilsam, yomonlik bilan javob bergan kimsalarni nopok deb bildim. Ikki olam sarvari va (Olloh) ning rasuli debdilarkim: «Zinodan tug‘ilgan kishi o‘ziga yaxshilik qilgan odamga yomonlik qilmaguncha dunyoni tark etmaydi».
Pirim menga yozdikim: «Xudoning va payg‘ambarining hukmiga amal qilgin, rasulullohning zurriyotiga yordam ber, Tangrining ne’matlarini yeb, yana unga va uning payg‘ambarlariga dushmanlik qilgan podshohlarni Ollohning mulkidan chiqar. Parvardigorning mulkida adolatli ish tutgilkim, shunday demishlar: «Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor yerda turolmaydi...»
Qabih xatti-harakat, yomon ishlardan Olloh mulkini tozalagin. YOmon taom badanga qanday ziyon qilsa, yomon xatti-harakat ham olamga shunday ta’sir ko‘rsatadi. Zulmning nom-nishonini yo‘qot. Zolimning dunyoda uzoq hayot kechirishini yaxshilikdan deb bila ko‘rma. Zolim va fosikdarning uzoq yashashiga sabab shuki, o‘zlaridagi bor yomonliklarini yuzaga chiqarib, tugatmagunlaricha Tangri ularga muhlat beradi, keyin Ollohning qahru g‘azabiga uchraydilar. Gohida Ollohning qudrati bilan zolimlar, fisqu fujur qiluvchilar birdan bandu zindonga, talon-torojga, ochlikka, qahatga, vaboga, to‘satdan o‘lishga giriftor bo‘ladilar. Gohida begunoh bo‘lgan yaxshi, to‘g‘ri va taqvodor kishilar ham yomonlarning qilmishlaridan ofatu baloga uchraydilar. Shundaykim, to‘qayga o‘t tushsa, ho‘lu quruqqa qaramay barchasini kuydiradi. Kofirlar, zolimlar, fosiqu fujurlar qancha ko‘p zulm-xiyonat, fisq-fasod qilsalar, noz-ne’matlari shuncha ko‘payar ekan, deb o‘ylamagin. Qisqasi, ularning ne’matlari ko‘payishining sababini bilib olish kerak. Buning sababi ushbudir: «Ehtimol, haqiqiy ne’matlar beruvchi (Olloh)ning inoyatini ko‘rib, ular (balki) zulmdan, fisq-fasoddan qaytib, imon-insofga kelib, uning ne’matlariga shukr etarlar», deb shundai qilingandir. Biroq Ollohga shukr aytishni unutarkanlar, Tangrining dargohiga qaytmas ekanlar, Xudo va uning rasuli ne’matlari haqini bilmas ekanlar, oxir-oqibat Parvardigorning qahru g‘azabiga giriftor bo‘ladilar».
Pirimning bu maktubi menga yetib kelgach, Xudo mulkini zolimlar, bid’atchi munofikdar, fosiqu fujurlar qo‘lidan tortib olish, ularni yo‘qotish uchun belga himmat kamarini bog‘ladim.
[1] Feruzshoh–Shimoliy Hindistonda hukmronlik qilgan Tug‘loqiylar sulolasi (1320— 1413) dan chiqqan hukmdor. 1351–1388 yillari hukmronlik qilgan.
[2] Sarang–Malluxonning inisi. O‘sha paytlarda Mo‘lton viloyatining hokimi lavozimida turgan.
[3] Kurt sultonlari–G‘ur bilan hirotni idora qilgan sulola, unga Malik Shamsiddin Muhammad (1245–1278) asos solgan.
[4] Amir Temur hirotdagi Kurtlar sulolasini 1381 yili tugatgan.
[5] Ya’ni, Xuroson xalqi Amir Temurni xaloskor sifatida kutib olgan.
[6] Sayyid al-mursalin–barcha payg‘ambarlarning yetakchisi (Muhammad payg‘ambarning faxrli nomlaridan).
Samarqand XV asr boshlarida Osiyo va Yevropa xalqlarining Markaziy Osiyo orqali olib borgan keng ko‘lamdagi savdosining markazi bo‘lgan. Samarqanddan Kichik Osiyoga, O‘rta dengizga, Xitoyga va Hindistonga olib boruvchi jahon ahamiyatiga molik savdo yo‘llari o‘tgan. (Professor N.I. Leonov)