Davlatimiz mustaqilligining ilk kunlaridanoq asrlar osha ajdodlarimiz yaratgan bebaho madaniy va ma’naviy merosni tiklashga alohida ahamiyat berildi. O‘zbekiston xalqi o‘z tarixini tiklash, haqsiz unutilgan nomlarni, jahon sivilizatsiyasi rivojida muhim rol o‘ynagan tarixiy shaxslarni e’tirof etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbuslari bilan biz tarixiy adolatni qaror toptirish, xalqimizning toptalib kelgan milliy g‘ururini yuksaltirish maqsadida Sohibqiron Amir Temur bobomizning nafaqat muborak nomi, boy merosi va xotirasini, ayni paytda tarixiy siymosini ham tiklashga qaror qildik.
Tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan Amir Temur shaxsi, u barpo etgan buyuk saltanat, davlatchilik borasida o‘zidan qoldirgan ham amaliy, ham nazariy bebaho meros, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi Islom Abdug‘aniyevich Karimovni doimo to‘lqinlantirib kelardi.
Shu bilan birga Islom Karimov “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi kabi nufuzli anjumanlarda Amir Temur shaxsini o‘rganish bo‘yicha uzoq yillardan buyon samarali ish yuritib kelayotgan ilm ahlini e’tirof etishga alohida e’tibor qaratar edilar.
Birinchi Prezidentimiz bizga murojaat qilar ekanlar, bizga doimo: “Biz buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimiz, g‘ururlanishimiz kerak”, deb aytganlar. Ayni vaqtda “Faqat g‘ururlanishning o‘zi yetarli emas, kelinglar, o‘zimiz ham, xuddi ular kabi, mana shu bebaho merosga o‘z hissamizni qo‘shaylik!” deb bizni hayrli ishlarga da’vat etganlar.
Ayni shu jihatdan ham biz mazkur chaqiriqning ahamiyatini chuqur anglagan holda hamda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 2016 yil 30 iyun – 1 iyul kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga safarlari davomida Amir Temur shaxsini anglash va “Temur tuzuklari” asari bo‘yicha bergan tavsiyalarini hayotga keng tatbiq etish maqsadida, shuningdek, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan «Temur tuzuklari» veb-saytini ishlab chiqishni o‘z burchimiz deb bildik.
Ma’lumki, ulug‘ ajdodimiz Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari mustaqillik yillarida milliy madaniy merosimizning noyob namunasi sifatida qayta tiklanib, bir necha bor nashr qilindi. Sohibqironning 675 yillik tavallud to‘yi arafasida Yurtboshimiz taklifiga ko‘ra, bu kitob mukammal holda, yuksak sifat bilan yangitdan chop etildi.
Amir Temurning «Temur tuzuklari» asarining veb-saytini foydalanuvchilar uchun qiziqarli va qulay ishlab chiqishda yuqorida keltirilgan nashrning matni hamda Amir Temur va «Temur tuzuklari» asariga ishlangan miniatyuralar, rangli illyustratsiyalar va suratlardan foydalanildi.
Shuningdek, veb-saytda «Temur tuzuklari» asari haqidagi qimmatli maqola va qiziqarli ma’lumotlarga keng o‘rin berilgan. Ahamiyatlisi ma’lumotlar foydalanuvchilar uchun qulay, zamonaviy shakllarda taqdim etilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Ushbu veb-sayt O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarligida UZINFOCOM tomonidan ishlab chiqildi.
Shu o‘rinda mazkur veb-saytni ishlab chiqishda o‘zining beminnat hissasini qo‘shgan barcha tashkilotlarga, shu jumladan, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga,«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyiga, Temuriylar tarixi davlat muzeyiga hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasiga alohida minnatdorchiligimizni izhor etamiz.
1370 yil martida Amir Temur Samarqandga qaytib, uni o‘z davlatining poytaxti qilib, keyin qonunlarni va o‘z hokimiyati davlat tuzumini tartibga soldi. (Ibn Arabshoh)