Shunday tuzuk bitdimki, agar yog‘iy lashkari qirq ming otliqdan ortiq bo‘lsa, beglarbegilar, amirlar, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar, bahodirlar va boshqa sipohiylar mening zafarli bayrog‘im ostida bo‘lsin va amru farmonimni kutsin.
Amr etdimki, qaysi bir sipohiy favj amiriga yorliq yuborsam, yorlikdagi hukmimga binoan ish tutsin va unga xilof ish qilmasin. Beglarbegilardan yoki amirlardan birontasi hukmimga xilof ish tutib, undan chetga chiqsa, qilichdan o‘tkazilib, o‘rniga «muntazir al-amorat» hisoblangan (amirlik martabasini kutib turgan) o‘rinbosari qo‘yilsin.
Va (yana) amr qildimki, ulusot, qo‘shunot, tumanotga tegishli qirq aymoqdan tamg‘a olgan o‘n ikkitasi qirq favjga taqsim qilinsin. Tamg‘a olmagan yigirma sakkiz aymoq amirlari esa (o‘z lashkarlari bilan birga) qo‘l sipohiy favjining orqasida saf tortsinlar. O‘g‘illarim, nabiralarim o‘z favjlari bilan qo‘l qismining oldida o‘ng qanotdan saf tizsinlar. Qarindoshlarim va jiyanlarim esa o‘z favjlari bilan qo‘l favjining oldirog‘ida chap qanotdan joy egallasinlar. Bular shay bo‘lib tursinlar va qaerga madad yetkazish lozim bo‘lsa, yordam ko‘rsatsinlar.
Barong‘orga olti sipohiy favj tayinlansin. Yana bir sipohiy favjni esa barong‘or hirovuli sifatida belgilasinlar. Shunga o‘xshash, javong‘orda oltita favjdan saf tuzsinlar. Yana bir favjni javong‘or hirovuli qilib tayinlasinlar.
Amr etdimki, barong‘or favjlarining oldidan oltita sipohiy favj joylashtirsinlar va ularni chopovul deb nomlasinlar; boshqa bir favjni tuzib, uni chopovulning hirovuli qilib belgilasinlar. Shuningdek, javong‘or favjlarining oldiga qo‘yish uchun ham oltita sipohiy favj tayinlasinlar va ularni shiqovul deb atasinlar. Yana bir favj tuzib, uni shiqovul hirovuli qilib qo‘ysinlar. Chopovul hamda shiqovul favjlarining oldiga tajribali amirlar va sinalgan bahodirlar boshchiligida oltita favjdan saf tuzib, katta hirovul deb nomlasinlar. Bu olti favjdan bo‘lak yana bir favj tuzib, hirovulning oldiga qo‘ysinlar va uni hirovulning hirovuli desinlar. (Lashkarning old qismida) hirovul hirovulining o‘ng va so‘l qanotiga ikki qorovulbegini qavm-qarindoshlarimdan iborat sipohiy favjlari bilan birga qo‘ysinlarkim, ular g‘anim lashkarini kuzatib tursinlar.
Amr qildimki, o‘sha qirq favj amirlari, mening yorlig‘im yetib bormaguncha, jangga kirmasinlar va navbat yetmaguncha joylaridan jilmasinlar, lekin jangga shay bo‘lib tursinlar. Jangga kirish haqidagi buyruq olingach, yovning vaziyatiga qarab, so‘ng jangga kirsinlarkim, g‘anim qaysi yo‘ldan jangga kirsa, uning yo‘lini to‘ssinlar va dushman to‘sgan har yo‘lni chorayu tadbir ishlatib ochsinlar.
Amr etdimki, hirovulning hirovuli jangga kirgandan keyin, olti favjlik katta hirovulning amiri o‘z favjlarini birin-ketin jangga tushirsinki, g‘anim ustiga ketma-ket olti zarba berilgach, ularning saflari buzilib, kuchlari sindiriladi.
Shu payt o‘ng qo‘l chopovul amiri o‘zining olti favjini birin-ketin yordamga yuborib, orqasidan o‘zi ham hujumga o‘tsin. Shuningdek, shiqovul amiri o‘zining olti sipohiy favjini oldinda turgan favjlarga yordamga yuborsin. Ularning orqasidan o‘zi ham (jang maydoniga) yetib borsinkim, Ollohning madadu inoyati bilan, g‘anim ustiga o‘n sakkiz zarba urilgach, ularning kuchlari sinib, orqaga chekinadilar.
Dushman bu zarbalarni yegandan keyin ham bo‘shashmasa, barong‘or va javong‘or amirlari o‘z hirovullarini jangga kirgizsinlar. Shu tariqa ikkala hirovul favji o‘ng va chap qanotdan urush ochgach, yov albatta bardosh berolmay, kuchi sinadi. Agar shundan keyin ham g‘anim yengilmasa, barong‘or va javong‘or amirlari o‘z sipohiy favjlarini birin-ketin uning ustiga yuborsinlar. Agar barong‘or va javong‘or amirlari zafarli askarlari ham g‘anim favjlarini yenga olmayotganligini ko‘rsalar, o‘zlari dushmanni yengish uchun jangga kirsinlar.
Shunda ham barong‘or va javong‘or amirlari (g‘animni yengishga) ojizlik qilsalar, barong‘or tarhida bo‘lgan amirzodalar va javong‘or tarhida bo‘lgan qarindoshlarim g‘anim ustiga shiddat bilan bostirib borsinlar. Bularning ko‘zlari yov sardorida va bayrog‘ida bo‘lsin, shijoatu mardlik bilan g‘anim saflarini buzsinlar, sardorni qo‘lga tushirishga intilsinlar va dushman bayrog‘ini yerparchin etishga harakat qilsinlar.
Agar shu zarbalardan keyin ham g‘anim chekinmay, o‘rnida turaversa, u holda qo‘lning saralangan favjlari va bahodirlari, qo‘l favjlari ortida saf tortib turgan uluslarning lashkarlari, barchasi birdaniga shiddat bilan dushman ustiga tashlansinlar.
Agar shunda ham fathu zafar qozonilmasa, sultonning o‘zi sheryurak va baland himmat bilan harakat qilsin. Chunonchi, qaysar bilan bo‘lgan jangda shunday qildim: amirzoda Mironshoh o‘ng qanotning sardori edi. Unga qaysarning chap qanoti ro‘baro‘si va yonidan jangga kirishni buyurdim. Chap qanotning amirlari–amirzoda Muhammad Sulton va amir Sulaymon (shoh)ga esa yorliq yuborib, qaysarning o‘ng qanotiga hujum qilishni tayinladim. Ung qanotimdagi amirzoda Abu Bakrga tepalik ustida turgan Yildirim qaysarning qo‘l favjiga turktoz qilishni buyurdim. O‘zim esa qo‘l favjlari va ulus, aymoq lashkarlari bilan qaysar tomonga yurdim. qaysarning sipohiy favjlari birinchi hamlamdayoq yengildi. Sulton Mahmudxon[1] (qochayotgan) qaysarning ketidan quvib, uni qo‘lga tushirdi va mening dargohimga olib keldi.
To‘xtamishxonni ham shu tuzuklarni qo‘llab yenggan edim. Uning bayrog‘ini esa yertuban qilishni buyurgandim.
Agar yov bostirib kelib, chopovul, shiqovul, barong‘or va javong‘or favjlarini mahv etib, lashkarning qo‘l qismiga yetar ekan, u chog‘da sulton shijoat oyog‘ini sabr uzangisiga mahkam tirab, dushmanni daf qilib yo‘qotish uchun oldinga tashlansin.
Chunonchi, men Shoh Mansur bilan bo‘lgan jangda shunday qildim. U turgan yerga yetib oldim va u bilan yuzma-yuz to‘qnashdim, toki uni halokat tuprog‘iga qormagunimcha urushdim[2].
TAMOM
Amir Temur faqat mahalliy mualliflarnigina rag‘batlantirmay, balki o‘z poytaxtiga chet el olimlari va shoirlarini ham jalb etdi hamda ularning hammasiga hotamtoylarcha mukofotlar hadya etar va o‘z shaxsiy e’tibori va homiyligi bilan ularni qo‘llab-quvvatlardi. Ana shu olimlarning ayrimlari Amir Temur saltanatida o‘z vatanidagidan ko‘proq ta’minlangan edi. (G. Vamberi)