Sayyidlar, olimlar, faqihlar va bilim egalari, shuningdek, uyg‘ur baxshilariyu fors adiblari Sohibqironga safarda ham, uyda ham uzluksiz mulozimlikda bo‘lgan ekanlar. Farmonga muvofiq ulardan bir guruhi muntazam (ravishda) ul Hazratning yurish-turishi va gap-so‘zlarida, mulk, millat va arkoni davlat ahvolida nimaiki gap bo‘lsa, to‘la-to‘kis yozib borardilar. Bu ishda mubolag‘a qilinmasin, deb alohida ta’kidlab buyurilgan edi. Shu yo‘sinda turkiy manzuma va forsiy qissa, har biri ul Hazratning yurish-turishidagi eng yirik (voqealarni) qamrab olgan nazm va nasr qalamiga olingan edi. (Sharafuddin Ali Yazdiy)
Amir Temur yoshligidayoq aqlining tiniqligi va jasurligi bilan ajralib turardi. Unda harbiy iste’dod erta namoyon bo‘ldi, u otda yurish mashqini olgan va kamondan otishga mohir edi. (Aleksandr Yurevich Yakubovskiy)