Sherozni Muzaffariylarga qoldirib, Isfahonda esa uch ming odamimni tayinlab, o‘zim To‘xtamishxonni daf etish uchun Dashti K.ipchoqqa lashkar tortib borganimda, Isfahon aholisi darug‘ani o‘ldirdi. Shu vaqtning o‘zida Sheroz aholisi ham menga bo‘ysunmay qo‘ygan edi. Shu sababdan, ularni jazolash maqsadida yana Iroqqa yurish qilishga tayyorlana boshladim. Sakson ming otliq askar to‘pladim. Lekin bu katta lashkar bilan bir yo‘la Iroq o‘lkasiga kirsam, u yerga sig‘may qolishi mumkinligini e’tiborga olib, lashkarimni favjlarga bo‘lib, ularni Iroq mamlakatini zabt qilishga birin-ketin yuborish kerak, degan qarorga keldim.
Shundan so‘ng, lashkarimni uch favjga bo‘ldim va o‘zimdan oldinda borishni buyurdim. Iroqning har yer-har yerida to‘plangan g‘anim askarlarining hammasi tarqalib ketdi. So‘ng Sheroz ustiga lashkar tortdim. Shoh Mansur[1] jang maydonida men bilan to‘qnashib, jazosini topdi.
[1] Shoh Mansur–Muzaffariylar sulolasidan. 1387–1393 yillari Fors, Isfahon va Iroqi Ajamni idora qilgan hukmdor. 1393 yil 26 aprelda jangda o‘ldirilgan.
Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda bo‘lar va bilimi bilan halloligini ko‘rgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va ma’muriy sohada bilimdon bo‘lgan kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur o‘zidagi kishilarni bo‘ysundirish qobiliyatiga ularni o‘z hukmronligi ostida baxtiyor qilish iste’dodini ham qo‘shgan edi. (Lui-Matyo Langle)