Lashkarlarim besh oy davomida To‘xtamishxonning ortidan quvib yurgani sababli[1] ko‘pincha och qola boshladilar. Chunonchi, bir necha kun osh balmoq[2], ov go‘shti, sahro parrandalarining tuxumi bilan kun kechirdilar. Lashkarim bunday og‘ir ahvolga tushib qolganini eshitgan To‘xtamishxon fursatdan foydalanmoqchi bo‘lib, chumoliyu chigirtkadan ham ko‘p askari bilan ustimizga yopirilib keldi va men bilan to‘qnashdi. Askarlarimning ochlikdan tinkasi qurigan edi. To‘xtamishxon askarlari esa to‘q va osuda edilar. Farzandlarim va nabiralarim huzurimga kelib tiz cho‘kib, men uchun jon fido qilishga tayyor ekanliklarini bildirmagunlaricha, sarkardalarim va askar boshliqlarim jang qilishga ro‘yxushlik bermadilar. Shu payt To‘xtamishxonning bayrokdori men bilan til biriktirdi–urush boshlaganimda, ikki tomon lashkari yuzma-yuz kelganda, bayrokdor bayrog‘ini tuban qilishi haqida u bilan kelishib oldim. Farzandlarim (va nabiralarim) oldimga kelib, tiz cho‘kkanini eshitgach, amirlarim va no‘yonlarimning[3] jasurligi tutib, jangga shay holatga keldilar. Men (nabiram) amirzoda Abu Bakrni[4] sakkiz ming otliq bilan hirovul etib tayinladim. Savashu chopish qizishib, jangu jadal o‘ti ko‘kka ko‘tarilganda, chodirlar tikib, taom tayyorlashga kirishishni buyurdim. Xuddi shu payt g‘anim bayrog‘i tuban bo‘ldi va To‘xtamishxon sarosimaga tushib qoldi. U Jo‘chi ulusini[5] g‘oratta tashlab, jang maydoniga orqa o‘girib qochdi[6].
[1] Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi 1391 yildagi yurishi nazarda tutilmoqda, Jang Amir Temurning g‘alabasi bilan yakunlangan.
[2] Osh balmoq–atala. (–А.А.)
[3] No‘yon–tuman, ya’ni 10 ming kishilik lashkar qo‘mondoni.
[4] Abu Bakr (1382–1417) –Amir Temurning nevarasi, amirzoda Mironshohning o‘g‘li, Ozarbayjon va Iroq hukmdori.
[5] Jo‘chi ulusi–Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘chi va uning o‘g‘li Botuxon tomonidan bunyod etilgan davlat. Uning tarkibiga hozirgi Rossiyaning bir qismi hamda Ukraina, qozog‘istonning Balxash ko‘lidan g‘arbdagi yerlari kirgan. ( –А.А.)
[6] Bu yerda qunduzcha yaqinida (hozirgi Samara va Chistopol o‘rtasida) 1391 yil 18 iyunida bo‘lib o‘tgan jangda To‘xtamishxonning mag‘lub etilishi voqeasi keltirilgan.
Амир Темур жонбоз қурувчи эди, у ажойиб боғ-роғли муҳташам иншоотлар барпо этди, шаҳар ва қишлоқларни тиклади. Суғориш тизимлари барпо этилди ва таъмирланди, расмий тарих таъбирига кўра, у экин экишга яроқли бир қарич ерни ҳам бекор қўймасди. (Шарқшунос, манбашунос олим В.В.Бартольд)