Ajam Iroqi[1] va Forsni zabt etganimdan keyin, qutb ul-aqtob[2] pirimdan menga quyidagi mazmunda maktub keldi: «(Ey), Arab Iroqi va ajam Iroqining buyuk fotihi, (Olloh) senga (ikkinchi) Iroqni ham takdim etdi!».
Bag‘dodni zabt etish uchun dastavval sulton Ahmad Jaloyir[3] huzuriga Bag‘dod voliysi lashkarlarining qay ahvolda ekanligi, yurish-turishi, qudrati haqida ma’lumotlar olib kelish uchun elchi yuborishga keli-shildi. Elchi Bag‘doddan menga: «Sulton Ahmad ikki ko‘zli bir bo‘lak go‘sht ekan», –degan mazmunda xat yubordi. Men Tangrining inoyatiga suyanib, (Bag‘dod ustiga) qarab yurdim va tez fursatda Bag‘dodga yetib bordim. Sulton Ahmad Jaloyir jonining omonligini afzal ko‘rib, Karbalo tomonga qarab qochdi. Shu bilan Dorussalom Bag‘dod menga bo‘ysundi[4].
[1] ...Ajam Iroqi (Iroqi ajam)–ajamliklar, ya’ni arab bo‘lmagan xalklar istiqomat qilib turgan Iroq (qadimgi Midiya), Eronning Iroq bilan chegaradosh g‘arbiy yerlari, Mesopotamiyaga tutash joylar tushuniladi.
[2] Qutb ul-aqtob–«qutblar qutbi». Ulug‘ martabali shayxlar, din peshvolari va valiylarga beriladigan faxrli nom. Bu yerda Mir Sayyid Baraka nazarda tutilgan, deya taxmin qilish mumkin.
[3] Sulton Aqmad Jaloyir–1382–1410 yillarda Iroq, Kurdiston va Ozarbayjonda hukmronlik qilgan.
[4] Bu yerda Bag‘dodning Amir Temur tomonidan 1393 yil sentabr oyi oxirida birinchi marta zabt etilishi nazarda tutilgan. Sulton Ahmad Jaloyir Misrga qochib, mamluklardan bo‘lmish Sayfiddin Barquq (1382–1399) saroyidan panoh topgan edi. Keyinchalik 1401 yil 20 iyunida Amir Temur ikkinchi marta Bag‘dodni fath etgan. (–А.А.)
Amir Temur va uning avlodlari davrida "Kitoblar uylari" ("Dor ul-kutub") mavjud bo‘lib, ular yilma-yil noyob asarlar bilan to‘ldirib borilgan. Afsuski, XVII - XIX asrlardagi bosqinlar, mustamlakachilik oqibatida bu kitoblar jahonning turli burchaklariga olib ketildi. Hozirda ota-bobolarimizning, ayniqsa temuriylar davrining noyob durdona qo‘lyozmalari dunyoning eng mashhur muzeylarini bezab turibdi. (To‘lqin Hayit "Amir Temur xazinasi")