Shom shaharlarini zabt etganimdan keyin va Misru Shom podshosi Malik Faraj jang maydonini tashlab qochgandan so‘ng, Rumga yuborgan elchim Yildirim Boyazidning teskari javobini olib keldi. Lekin (Boyazid) Misr va Shom lashkari mendan yengilganini eshitgach, o‘ylanib qolgani va sarosimaga tushib, shoshilinch ravishda yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini ham aytdi. Men esa kengashib Damashq shahrini olib, Shom viloyatlarini bo‘ysundirgach, Mosul[1] yo‘li bilan Bag‘dodga qarab yurdim. Bu bilan qaysarning menga qarshi urush qilish niyati bor-yo‘qligini bilib olmoqchi bo‘ldim.
Tabriz tarafga qarab borar ekanman, amirzodalardan ba’zilarini ko‘p sonli lashkar favjlari bilan Bag‘dod ustiga jo‘natdim. Bu vaqtda Bag‘dod hokimi Sulton Ahmad Jaloyir shaharni va uning qal’asini qo‘rikdashni navkari Farajga topshirib, yoniga ko‘p odamlarni qo‘shib bergandi. Amirzodalar Bag‘dodga yetib, shaharni qurshab oldilar. Ish urush qilishga borib taqalgach, (chopar orqali) bor haqiqatni menga arz qildilar. (Bu xabarni) eshitib o‘zim Bag‘dodga borib, shahar va qal’ani ozod etishga qaror berdim. Tabriz yo‘lidan orqaga qaytib, yurish bilan Bag‘dodga keldim va ehtiyotkorlik bilan harbiy hiylalar ishlatib, qal’ani qo‘lga olishga kirishdim. Qamal muddati ikki oyu va yana bir necha kunga cho‘zilgandan keyingina qal’a bilan shahar ishg‘ol etilib, g‘alaba qozonildi[2]. Qal’a boshlig‘i Faraj Dajla daryosida g‘arq bo‘ldi. Men shaharga kirdim va barcha bebosh, buzuqi kishilarni qatl etishni, qal’a va imoratlarni buzib yer bilan barobar qilishni buyurdim.
Bag‘doddan keyin Ozarbayjonga keldim va o‘sha yerda bir qancha vaqt turib qoldim. Shu asnoda Qaysarning Halab, Hums va Diyorbakr[3] viloyatlariga lashkar favjlarini yuborgani va mendan qochib uning panohiga kirgan Krra Yusuf esa qaroqchilar boshlig‘iga aylanib, ayniqsa, ikki muqaddas shahar[4] ziyoratiga qatnovchilarning karvonlariga ko‘p zarar keltirayotganligi xabari qulog‘imga chalindi. Buning ustiga o‘sha taraflardan bir jamoat kishilar kelib, ular ham Qora Yusufning jabr-zulmidan arz qildilar. Shuning uchun uning jazosini berib, qaysarning ko‘zini g‘aflat uyqusidan ochib qo‘yishim lozim ko‘rindi. Bu xususda maslahatni shundan topdimki, har bir shahar va qabiladan lashkar to‘plab, qaysarning ustiga yopirilib borgayman. Lashkarlar jam bo‘lgandan keyin hijriy 804 yilning rajab oyida (milodiy 1402 yil fevralida) Ozarbayjondan chiqib, unga qarshi jang qilish uchun yo‘lga tushdim. O‘zimdan ilgari lashkarimdan bir necha favjini Rum mamlakati ustiga to‘satdan bosqin qilishga tayin etdim. Yana bir necha favjga esa yo‘limizdagi to‘xtash manzillarini ko‘zdan kechirib, oziq-ovqatni hozirlab turishni buyurdim. O‘zim Ankuriya[5] yo‘li bilan yurish qildim. qaysar to‘rt yuz ming otliq va piyoda askari bilan menga qarshi yuzlandi. Urushni boshladim va uni yengdim[6]. Qaysarni lashkarboshilarimdan biri qo‘lga tushirib, huzurimga keltirdi.
Etti yillik yurishdan so‘ng zafar va nusrat bilan Samarqandga qaytdim[7].
[1] Mosul–arab Iroqining shimolidagi katta shahar, Jazira o‘lkasining markazi.
[2] «Zafarnoma» muallifi Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur 1401 yil 9 iyulda Bag‘dodni ikkinchi marotaba egallagan.
[3] Diyorbakr–Sharqiy Anatoliyadagi shahar, hozir Turkiyaning janubi-sharqida.
[4] Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga berilgan faxrli nom.
[5] Ankuriya–Hozirgi Anqara shahrining o‘rta asrlardagi nomi.
[6] Bu jang 1402 yilning 20 iyulida Anqara ostonasidagi Chimbukobod mavzeida Amir Temurning Boyazid Yildirim ustidan qozongan to‘la g‘alabasi bilan yakunlangan. (–А.А.)
[7] Amir Temurning harbiy Eron, Ozarbayjon, Kichik Osiyo va Suriyaga qilgan yetti yillik harbiy yurishi 1399–1404 yillarda ro‘y bergan. Amir Temur 1404 yil avgust oyida Samarqandga qaytgan. (–А.А.)
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)