O‘z tajribamda ko‘rib bildimki, davlat agar dinu tartib asosida qurilmas, to‘ra-tuzukka[1] bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalang‘och odamga o‘xshaydirkim, ko‘rgan har kimsa (undan) nigohini olib qochadi. Yoxud har xil qalang‘i-qasang‘i odamlar tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi.
Shuning uchun ham men saltanatim binosini islom dini, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim. Saltanatni boshqarishimda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra va tuzuk asosida ado etdim.
Dilimning mashriqidan ko‘tarilgan birinchi tuzuk shundan iborat bo‘ldiki, islom dinini yoyib, Muhammad, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, shariatini quvvatladim. Jahonning turli mamlakatlari, katta-kichik shaharlarida islom dinini va odamlarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad payg‘ambar)ning to‘g‘ri yo‘llarini targ‘ib etdim. O‘z saltanatimni shariat bilan bezadim.
Ravshan dinga rivoj berishda qo‘llagan birinchi tuzukim shu bo‘ldiki, sayyidlar orasidan layoqatli bittasini ahli islomga boshliq–sadr etib tayinladim. Tamom vaqflarni[2] boshqarish va nazorat qilish uchun mutavalli tanlashni, har bir shahar va viloyatda qozi, muftiy, muhtasib tayinlashni uning o‘ziga havola qildim. U sayyidlar, ulamo, shayxlar va boshqa arboblarga suyurg‘ol[3] belgilab, har birining vazifasini tayin qilsin, dedim.
Lashkar uchun maxsus qozi va raiyat uchun alohida qozi tayinladim; har mamlakatga shayxulislom yubordimki, toki musulmonlarni gunoh ishlardan qaytarib, ularni yaxshi va savob ishlarga undasin. Noiblarimga har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqoxdar qurishni, yo‘lovchi musofirlar uchun yo‘l ustiga rabotlar solishni, daryolar ustiga ko‘priklar qurishni buyurdim.
Musulmonlarga diniy masalalardan ta’lim berib, shariat aqidalari, islom dini ilmlari, tafsir, hadis, fiqxdan dars bersinlar deb, har bir shaharga olimlar va mudarrislar tayin qildim.
Turli mamlakatlardagi sadrlar va qozilarga shariatning asosiy talablari qanday bajarilayotganligi xususida menga xabar qilib turishlarini buyurdim. Shunga o‘xshash har el va har shaharda sipoh va raiyat orasida urf-odatlarga oid janjalli ishlar haqida menga ma’lumot berib tursin, deb adolat amirini tayinladim.
Shu tariqa islom dinini rivojlantirib, shariatni musulmon mamlakatlariga yoydim. Islom dinini yoyib, unga ravnaq berganim haqidagi ovoza kattayu kichik ahli mo‘minning qulog‘iga yetgandan keyin, islom olimlari: «Tangri taolo har yuz yilda Muhammad, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, diniga rivoj berish uchun bir kishini islom dinining yoyuvchisi va rivoj berguvchisi sifatida ixtiyor etadi. Bu sakkizinchi yuz yillikda[4] Amir Sohibqiron[5] islom dinini jahon ahliga tarqatdi. Shuning uchun bu yuz yillikda Muhammad diniga rivoj berguvchi zot shu kishi bo‘lg‘ay», deb fatvo berdilar.
Zamon ulamosining ulug‘i bo‘lmish Mir Sayyid Sharif[6] bu xususda menga maktub yo‘llab, unda ilgarigi va keyingi avlod islom olimlarining barchasi bir og‘izdan ittifoq bo‘lib, Ollohi taolo, hazrati risolatpanoh Muhammad payg‘ambarimiz, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, diniga rivoj beruvchi sifatida har yuz yilda bir kishini ixtiyor etadi, deb yozibdurlar. Sakkizinchi yuz yillikning boshida Amir Sohibqiron dini mubinni rivojlantirdi va har tomonga yoydi. Dini islom olamning turli o‘lkalari va shaharlarida ravnaq topdi. Hakdi ravishda (bu asrda) dinning tarqatuvchisi Amir Sohibqiron ekanligi tasdiqlandi. Ushbu maktubning nusxasi budir:
«Yo, Olloh! Kimki Muhammad dinini qo‘llab-quvvatlasa, Sen ham uni qo‘llagil, kimki Muhammad dinini xor qilsa, Sen ham uning o‘zini xor qilg‘il.
Risolatpanoh payg‘ambarimiz hijrat etganlaridan to shu kungacha sakkiz yuz yildan oshdi. Har yuz yil boshida Ollohi taolo va taqaddus o‘z elchisi hamda habibi Muhammad dinini uning ummatiga tarqatuvchi va rivoj berguvchini ixtiyor qiladi. Ollohga hamdu sanolar bo‘lsinki, sakkizinchi yuz yillik boshida Ollohi taolo Amir Sohibqironni islom dinining yoyuvchisi va rivojlantiruvchisi sifatida ixtiyor etdi va u turli o‘lkalar hamda mamlakatlarda xalqqa Muhammad dinini qabul kdldirdi. Ilk islom olimlari dinni yoyuvchilar va rivojlantiruvchilar ahvolini o‘rganib, o‘z kitoblarida bu hakda ma’lumot berganlar. Bu rivoj beruvchilar quyidagilardir:
Hijratdan keyingi birinchi yuz yillikda dinga rivoj beruvchi kishi Umar ibn Abdulaziz[7] edi. U xorijiylar[8] minbardan turib, hazrati Aliga ta’na qilishib, la’natlar yog‘dirishib, islom dinini zaiflashtirganda, bu (nizoni) bartaraf qildi. O‘sha vaqtda islom axdi ittifoqi buzilib, o‘rtada kinayu adovat paydo bo‘lgan edi. Bir toifa odamlar to‘g‘ri yo‘ldan borgan xalifalarni la’natlab, ularga ta’nayu dashnom yog‘dirdilar; boshqa birlari esa mo‘minlar amiri hazrati Alini, imom Husayn[9] va hazrati Abbosni[10] la’natlar edilar. Bu ikki guruh ham o‘zaro adovatda bo‘lib, o‘ta mutaassib edilar. Umar ibn Abdulaziz bu nizolarni bartaraf qilib, islom diniga rivoj berdi.
Ikkinchi yuz yillikning boshida kelgan dinga rivoj beruvchi xalifa Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid[11] edi. U islom dinida paydo bo‘lgan yetmish ikki turli botil[12] mazhablarni yo‘qotib, haq mazhabi–axdi sunnat va jamoatni rivojlantirdi. Ali ibn Muso Ja’farni[13], undan Olloh rozi bo‘lsin, Xurosondan olib kelib, uni o‘ziga valiahd deb e’lon qildi. Uning izni va maslahati bilan mamlakatda hukmronlik qildi.
Uchinchi yuz yillik boshida dini Muhammadiyga rivoj berib ravnaqqa yetkazgan xalifa Muqtadir Billoh Abbosiy[14] edi. Abu Tohir boshchiligidagi qarmatlar[15] Makkai muazzamani bosib olib, arafa kuni hajga borganlardan o‘ttiz mingtasining joniga qasd qildilar va ularni shahid etdilar. Muqaddas qora toshni[16] Ka’ba devoridan sug‘urib oldilar. Islom mamlakatlarini vayron etib, (xalqni) qatliom va talon-toroj qildilar. Shu sababdan islom dini zaiflashib qoldi. Muqtadir Billoh bu qavm ustiga lashkar tortib, ularni uloqtirib tashladi (va fitnani bostirdi). Bu bilan islom dini va shariatiga rivoj berdi.
To‘rtinchi yuz yillikning boshida dini Muhammadiyni rivojlantirgan kishi Izzuddavla Daylamiy[17] edi. Shu davrning xalifasi abbosiy Muti’ Amrilloh[18] (hukmronligi vaqtida bo‘lgan) kinu adovatlar hamda unga tobe’ kishilarning zulmi oqibatida dini islom zaiflashgan va islom mamlakatlarida turli-tuman fisq-fasod ko‘paygan edi. Izzuddavla bu xalifani taxtdan yiqitib, o‘rniga o‘g‘li At-toi’ Billohni[19] valiahd qildi. Izzuddavla shaxsan o‘zi bu dinni tarqatish va tozalashda, bid’atni yo‘qotishda, noshariy ishlarni bartaraf etishda, jabr-zulmni tugatishda mutasaddi bo‘ldi. Muhammad diniga rivoj berdi.
Beshinchi yuz yillik boshida dinu shariatni rivojlantirgan odam Sulton Sanjar ibn sulton Malikshoh[20] edi. Shayx Ahmad Jom[21] va hakim Sanoiy[22] uning zamondoshlari bo‘lib, sulton ularning muridi edi. Bu davrda dinsizlar va johillar islom dinini zaiflashtirdilar. Sulton Sanjar dinsizlarni yo‘qotib, islom dinini rivojlantirishga kirishdi. Muhammad diniga itoat va tobelikda shunday darajaga erishdiki, shariatga xilof bo‘lgan hech bir ish qilmadi.
Oltinchi yuz yillikning boshida dinga rivoj berguvchi qozonxon ibn Arg‘unxon ibn Huloguxon[23] edi. Islom dini turkistonlik kofirlarning[24] istilosi natijasida zaiflashgan edi. Ollohi taolo din rivoji uchun qozonxonni yuz ming askari bilan oyoqqa turg‘izdi. (Tangri taoloning irodasi bilan unga topshirilgan) yuz ming askar Lor sahrosida shayx Ibrohim hamaviy[25] rahnamoligida Ollohga iymon keltirib, musulmon bo‘ldilar. Tillarini: «Olloxdan boshqa xudo yo‘q, Muhammad Ollohning (erdagi) elchisidir», degan iymon kalimasiga ochdilar va kufr-bid’at ishlarini tashladilar. Mamlakatda va shaharlarda shariatga rivoj berdilar.
Ettinchi yuz yillikning boshida kelgan Uljaytu Sulton[26] ibn Arg‘unxon, laqabi Sulton Muhammad Xudobanda edi. Mazkur sanada[27] og‘asi g‘ozonxondan so‘ng saltanat taxtiga o‘tirdi. (Bir kuni) uning qulog‘iga «Dini Muhammadiy shu qadar bo‘shashganki, namoz vaqtida musulmonlar tashaxduddan[28] so‘ng Muhammadga, uning avlodiga salavot aytmay qo‘yibdilar», degan gap yetkazildi. U o‘rnidan turib Sultoniya[29] jome masjidiga bordi va u yerga islom ulamosi hozir bo‘lishini buyurdi. So‘ngra sulton ulardan: «Namoz vaqtida Muhammadga va uning naslu avlodiga salavot aytishning nima fazilatlari bor?», – deb so‘radi. Ular bir ovozdan: «Xudoyi taolo hukmiga ko‘ra, namozda Muhammad va uning avlodiga salavot aytish lozimdir», –deb javob berdilar. O‘sha payt bir guruh ulamo: «Imom Shofi’iy[30], Muhammadga va uning avlodiga salavot aytmasdan o‘qilgan namoz buzilgan xisoblanadi, deb aytganlar», –deb o‘z fikrini bildirdi. Yana bir guruhi aytdilarkim: «Imomi A’zam[31] demishdirki, Muhammadga va uning avlodiga salavot aytilmay o‘qilgan namoz makruxdir[32]».
Shunda sulton ulamodan so‘radi: «Nega salavot aytganda payg‘ambarimizning naslu avlodidan bo‘lgan har bir kishining ismi (alohida) zikr etilmaydiyu, (faqat) xotam ul-anbiyo bo‘lmish payg‘ambarimizga salavot aytgandagina «va uning avlodi...» deb qo‘shadilar?». Butun ulamo bu savolga javob berishga ojizlik qilib, o‘ylanib qolishdi. Shunda sulton aytdi: «Bu savolga javob berishda xotirimga ikki dalil keladi. Birinchisi shulki, dushmanlar payg‘ambarimiz Muhammadni o‘g‘ilsiz (abtar) deb atadilar. Tangri taolo naslsizlikni ularning o‘ziga ravo ko‘rdi. Dunyodan nasllari uzildi. Agar nasl qolgan bo‘lsa ham nom-nishonsiz bo‘lib, ularning nomini biror kishi tilga olmaydi. Ammo payg‘ambarimiz oilasining zurriyotlari soni shu qadar o‘sdiki, ularning hisobini Ollohdan boshqa hech kim bilmaydi. (Shuning uchun) payg‘ambarimizga, unga Ollohning marhamatlari va salomlari bo‘lsin, salavot aytgandan keyin ularga ham (Olloxdan) yaxshilik tilaydilar. Ikkinchisi shulki, o‘tgan barcha payg‘ambarlarning dinlari, qilgan ishlari yo yo‘qolardi yoki o‘zgarardi. Ular dinining ahkomlari doimiy emas edi. Ammo hazrati Muhammad, unga Ollohning marhamatlari va salomlari bo‘lsin, dini o‘zgarishdan omon bo‘lib, qiyomatgacha shu yo‘lda saqlanur. Shunday bo‘lgach, onhazrat (payg‘ambar)ning ummatlari salavot aytish vaqtida, uning muborak nomini zikr etgan paytda, uning avlodini ham eslashlari lozimdir. Ummatlarga ma’lum bo‘lsinkim, Muhammad dinining homiylari, Kur’oni karimni sharxdovchilar, maqtovga loyiq shariat ilmining hofizlari, payg‘ambarlik ilmining vorislari aynan shu kishilardir. Musulmon dinining ilmlari va islomning farzu vojiblarini ulardan o‘rgansinlar, ularga ergashib, hurmat qilishni burchlaridan biri deb bilsinlar», –dedi.
Sulton shu so‘zlarni aytgani hamono, masjidga to‘plangan ulamo va odamlar birdaniga guldiratib, payg‘ambarga va uning avlodiga salavot o‘qidilar. Shunda sulton aytdi: «Muhammad avlodidan birinchisi–hazrati Ali, so‘nggisi–imom Muhammad Mahdiy oxirzamondir. Shunday bo‘lgach, payg‘ambarimiz avlodining izni va ruxsatisiz uning mulkini o‘z tasarrufimizga kiritmasligimiz zarur, aks holda bosqinchilik qilgan bo‘lamiz».
Sultonning bu so‘zlari xosu ommning qulog‘iga eshitilgach, barcha ulamo uning aytganlarini qabul etdi. Gaplari inobatga olinganidan so‘ng, sulton amr qildi: «haqiqat shul erkan, ahli bayt[33] nomiga xutba o‘qib, ularning nomi zarblangan pullar chiqarish lozim». Bu gaplarni eshitgan, ko‘rgan ulamo uning fikrini tasdikdab, Ollohga iymon keltirdilar va «Uljaytu Sulton dinu shariatga rivoj beruvchi», deb fatvo yozdi-lar.
Sakkizinchi yuz yillikda chiqqan zot dinni rivojlantirib ravnaqqa yetkazuvchi Amir Sohibqirondirki, olamning turli mamlakatlari va shaharlarida dinu shariatni rivojlantirdi; sayyidlar va ulamoni izzatu ikrom qildi. Payg‘ambar xonadoni zurriyotlarining izni va ruxsati bilan uning mulkini o‘z tasarrufiga kiritdi...»
Mir Sayyid Sharif yozgan ushbu maktub menga yetgach, Tangri taologa shukr aytib, Muhammad va uning xonadoniga iltijo qilib, Tangri taologa yolvordim: «Menga dinu shariatni yoyish va unga rivoj berishda kuch-quvvat ato etgil!» So‘ng bu maktubni olib, pirimning huzurlariga yubordim. (Ul zot) maktub hoshiyasiga mana bu so‘zlarni yozib menga qaytardilar: «Dinu shariatga rivoj beruvchi (Amir) Temur Sohibqironga, Olloh uni qo‘llasin, ma’lum bo‘lsinkim, bu ish ul qutbi saltanatga Ollohi taolo tarafidan berilgan juda katta ehson va buyuk yordamdir. Dinni yoyish, shariatga rivoj berishdek ulkan ishda Tangri taolo senga yordam bag‘ishlamish. (Sadoqatu ixlosing va yaxshi ishlaringni) qancha ko‘paytirsang, Olloh ham senga (inoyat va karamini) shuncha oshirgay».
Pirimga yuborgan ushbu maktub, uning xati bilan ziynatlanib menga qaytgach, sayyidlar va ulamoni izzatu ikrom etishni bajo keltirib, shariat rivoji uchun ilgarigidan ham ko‘proq sa’y-harakat qildim. Bu maktubni (boshimdan kechmish) voqealar daftariga[34] yozishlarini buyurdim.
[1] To‘ra–bu yerda: tartib, qoida yoki qonun ma’nosida (–А.А.)
[2] Vaqf–podshoh va boy-badavlat kishilar tarafidan masjidlar, xonaqohlar, mozorlarga yoki ayrim yirik dinu tariqat arboblariga, ularning maoshi uchun berilgan yer-suv, mol-mulk.
[3] Suyurg‘ol–in’om, sovg‘a (er, mol-mulk).
[4] Sakkizinchi yuz yillik–hijriy hisob; milodiy XIV asr.
[5] Sohibqiron–Amir Temurga zamondoshlari tomonidan uning toleiga qarab berilgan nom. Mushtariy va Mirrixning bir-biriga yaqinlashgan holati «qiron burji» deb ataladi, Amir Temur Mushtariy (Yupiter) va Mirrix (Mars)ning bir-biri bilan yaqinlashgan fursatlarda tug‘ilgan, deb hisoblanadi. E’tiqodga ko‘ra, bunday bola kelajakda toj-taxt va baxt-saodat egasi bo‘ladi.
[6] Mir Sayyid Sharif Jurjoniy (1330–1414) – Jurjonlik mashhur faylasuf olim. 1387 yili Amir Temur uni Samarqandga olib kelgan va u Sohibqiron tomonidan qurilgan «Dorushshifo» madrasasida dars bergan.
[7] Umar ibn Abdulaziz (712–720)–Umaviya sulolasi (661–750)ga mansub sakkizinchi xalifa. Forscha matnda «muravvij», «mujaddidin» istilohlari keltirilgan
[8] Xorijiylar–(arab. «ajralib chiqqanlar»; isyonchilar)–VII asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan islomdagi g‘oyaviy-siyosiy oqim.
[9] Imom Husayn–xalifa Ali ibn Abu Tolibning kichik o‘g‘li (626–680). Kufada xalifa Yazid (680–683) askarlari bilan bo‘lgan urushda 680 yil 10 oktabr kuni o‘ldirilgan.
[10] Hazrati Abbos–Muhammad payg‘ambarning amakisi al-Abbos ibn Abdulmuttalib. (–А.А.)
[11] Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid (813–833)–mashhur xalifa Xorun ar-Rashid (786–809)ning o‘g‘li va taxt vorisi, Abbosiylar sulolasidan yettinchi xalifa.
[12] Botil–bekor qilingan, buzuq, yolg‘on.
[13] Ali ibn Muso Ja’far (765 yoki 770–818)–Muhammad payg‘ambar avlodi.
[14] Muqtadir Billoh Abbosiy (908–932)–Abbosiylar xonadoniga mansub o‘n to‘qqizinchi xalifa.
[15] Qarmatlar–ismoiliylar mazhabi shoxobchalaridan birining tarafdorlari, IX asrda Iroqning janubida paydo bo‘lgan.
[16] Matnda «al-hajar al-asvad».
[17] Izzuddavla Daylamiy–Buvayxiylar sulolasidan (932–1062) chiqqan va Iroqda 967–978 yillari hukmronlik qilgan podshoh.
[18] Muti’ Amrilloh (946–974)–Abbosiy xalifalardan biri.
[19] At-toi Billoh (946–991)–Abbosiy xalifalardan.
[20] Sulton Sanjar ibn sulton Malikshoh (1118–1157)–1038–1194 yillari Eron bilan Iroqni idora qilgan Saljuqiylar sulolasi vakili.
[21] Ahmad Jom (1049–1142)–Xurosonlik mashhur hadis olimi va mutasavvif shoir.
[22] Hakim Sanoiy (1070–1140)–G‘aznaviylar sulolasi davrida yashagan yirik mutasavvif shoir.
[23] G‘ozonxon ibn Arg‘unxon ibn Huloguxon (1295–1304) yillarda Eron, Ozarbayjon va Iroqni idora qilgan, tarixda Elxoniylar nomi bilan mashhur bo‘lgan mo‘g‘ul sulolasi vakili. Islom dinini qabul qilib, qator ijtimoiy-siyosiy islohotlar o‘tkazgan.
[24] «Turkistonlik kofirlar...»–bu yerda Movarounnahr, Eron, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarni istilo qilgan (XIII asr) Chingizxon qo‘shinlari nazarda tutilgan.
[25] Shayx Ibrohim Hamaviy–xurosonlik yirik shayx Sadriddin Ibrohim nazarda tutilmokda.
[26] Uljaytu Sulton (1304–1317)–Elxoniylardan. Musulmon bo‘lgani uchun Sulton Muqammad Xudobanda nomi bilan tanilgan.
[27] 1304 yil nazarda tutilmoqda.
[28] Tashahxud (arab. guvohlik)–Ollohning yagonaligi va Muhammad payg‘ambarning elchiligini bildiruvchi diniy ibora; islom dinidagi 5 asosiy arkonning birinchisi; ko‘pincha «kalimai shahodat» deyiladi.
[29] Sultoniya–Elxon Uljaytuxon qurdirgan shahar, Huloguiylar poytaxti.
[30] Imom Shofi’iy–sunniylikda shofi’iylik mazhabining asoschisi va bosh imomi, faqih. Asli ismi Abu Abdulloh (767–820).
[31] Imomi A’zam (ulug‘ imom)–sunniylikdagi to‘rt mazhabdan biri hisoblangan hanafiylik mazhabining asoschisi. Asl ismi Abu hanifa Nu’mon ibn Sobit (699–767).
[32] Makruh (arab.–rad etilgan, qoralangan, nomaqbul)–shariat hukmlaridan biri (farz, mandub, muboh, harom bilan birga). qat’iyan taqiq qilinmagan, lekin nomaqbul hisoblangan va rad etilgan amallar makruh hisoblangan, bunday xatti-harakat uchun jazo belgilanmagan.
[33] Ahli bayt–Muqammad payg‘ambar xonadoniga mansub, umuman esa, yaqin kishilar tushuniladi.
[34] Voqealar daftari–podshohlikda har kuni bo‘lib turadigan voqealar yozib borilgan maxsus daftar, kundalik. Asar matnida «Daftari vaqoye». «Temur tuzuklari» asari qator sharq qo‘lyozmalari kataloglarida «Vaqoye», «Voqeot» deb ham nomlangan. «Boburnoma» asari ham ko‘pgina sharq qo‘lyozmalari kataloglarida shu nom bilan keltirilgan.
Amir Temur yoshligidayoq aqlining tiniqligi va jasurligi bilan ajralib turardi. Unda harbiy iste’dod erta namoyon bo‘ldi, u otda yurish mashqini olgan va kamondan otishga mohir edi. (Aleksandr Yurevich Yakubovskiy)