Dinu shariat ishlari tuzukini tartibga keltirganimdan keyin, saltanatim korxonasining tuzukini tuzishga kirishdim. Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, to‘ra va tuzukka solib, saltanatim martabayu e’tiborini saqladim. Saltanatim obro‘-martabasini saqlash tuzuklari quyidagilardir.
Birinchidan, saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad)ning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirish asosida tuzdim. Saltanatim martabasini to‘ra va tuzuklar asosida shunday saqladimki, uning ishlariga aralashishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.
Ikkinchidan, sipohu raiyatni umid va qo‘rquv orasida saqladim. Do‘st-dushmanni murosayu madora martabasida tutdim. Qilmishlarini, aytgan gaplarini sabr-toqat va chidam bilan o‘tkazdim. Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka almashdi.
Menda biron kimsaning haqi bo‘lsa, haqini hech vaqt unutmadim. Biron kimsa bilan tanishgan bo‘lsam, uni hech vaqt nazarimdan chetda qoldirmadim. Davlatim va saltanatim quyoshi ko‘tarilib kelayotgan vaqtda menga iltijo qilib kelgan yaxshi-yomon odamlar, xoh yaxshilik, xoh yomonlik qilgan bo‘lsin, saltanat taxtiga o‘tirganimdan keyin ularni xayr-ehsonlarim bilan xijolatga qo‘ydim. O‘zimni ularning yomonliklarini unutgandek tutib, yomon qilmishlari daftari ustiga afv qalamini tortdim.
Uchinchidan, hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish ko‘rgan, sinalgan, shijoatli er-yigitlarni qoshimda tutdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqokdarni majlisimdan quvib yubordim.
To‘rtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqrokda bo‘lishga intildim.
Shu paytda pirimdan[1] xat keldi. Ular bunday yozibdilar: «Buyuk zafarlar sohibi Amir Temurga, Olloh uni hamisha qo‘llasin, ma’lum bo‘lsinkim, (uning) saltanati korxonasi Tangri taolo korxonasining bir (kichik) nusxasidurki, unda turli mansabdagi xodim va xizmatkorlar, noiblar, eshik og‘alari bordir, ularning har biri martabasiga yarasha o‘z yumushi bilan mashg‘uldir, hech biri o‘z martabasidan chetga chiqmaydi va doimo Ollohning amriga muntazir turadi. Shunday ekan, sen hamisha hushyor va ehtiyotkor bo‘l, toki vazirlar, lashkarboshilar, amaldorlar, ish yurituvchilar, sipohsolorlardan hech biri o‘z martabasi chegarasidan chiqmasun va doimo sening hukmingni kutib turishsun. Har toifa va har qavmni o‘z martabalarida tutginki, (bu bilan) saltanating nizomga kelib, davlat intizomga kirgay. Agar har narsani va har kimni o‘z martabasida saqlay olmasang, saltanatingga bundan ko‘p xalalu ziyon yettay. Demak, har kimning qadr-qiymatini, tutgan mavqeini, har narsaning o‘lchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak.
(Hazrati) Muhammad avlodidan bo‘lganlarning martabasini boshqalardan yuqori ko‘tarib, ularning izzat-hurmatini o‘rniga qo‘ygil. Ularga qancha ko‘p muhabbat bildirsang ham, uni isrof deb o‘ylama, chunki qaysi ish xudo yo‘lida bo‘lsa, unda isrof yo‘kdir. O‘n ikki toifa bilan davlatingga ziynat berib, shular bilan saltanat qurgil. Vassalom».
Pirimning ushbu maktubi menga yetgach, unda buyurilgan har bir narsani bajo keltirdim. Saltanatim ishlarini tartib-intizomga solib, saltanatim martabasiga to‘ra va tuzuk bilan zebu ziynat berdim. Saltanatimni o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamladim.
Saltanatim martabasi bo‘lmish to‘ra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu o‘n ikki toifaga bog‘lab tuzdim. Bu o‘n ikki toifani saltanatim falakining o‘n ikki burji va davlatim korxonasining o‘n ikki oyi deb hisobladim.
Birinchi toifa–sayyidlar, ulamo, shayxlar va fozillarni o‘zimga yaqinlashtirdim. Ular mening saroyimga doimo kelib-ketib, majlislarimni bezab turishardi. Diniy, huquqiy, akdiy masalalarni o‘rtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirishardi. Halol va haromga oid masalalarni men ulardan o‘rgandim.
Ikkinchi toifa–aqlli kishilar va kengash sohiblari, ehtiyotkor, qat’iyatli arboblar, keyinini o‘ylab, olisni ko‘rib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib, ularning suhbatlaridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim.
Uchinchi toifa–duogo‘y kishilarni qadrladim. Xilvatda ulardan duolar tilab, istaklarimning bajo etilishini o‘tinib so‘rardim. Majlislarda, yig‘inlar, bazmlar va jang maydonlarida ulardan ko‘p barakotlar topdim. Chunonchi, mening lashkarim To‘xtamishxon lashkarining ko‘pligini ko‘rib sarosimaga tushib qolganda, sohibi duo bo‘lmish Mirziyouddin Sabzavoriy[2] boshidan sallasini oldi; qo‘llarini duoga ochib (men uchun) Tangridan zafar tiladi. Hali duosi tugamay, duo ta’siri ko‘rindi va lashkarim yog‘iyni qochirdi.
Yana bir misol shulki, saroyim haramidagilardan biri qattiq betob bo‘lib, o‘limi yaqinlashdi. Duogo‘y sayyidlardan o‘n ikki kishi yig‘ilishib keldilar. Har biri o‘z umridan bir yilni unga bag‘ishladi va u sog‘ayib yana o‘n ikki yil umr ko‘rdi.
To‘rtinchi toifa–amirlar, sarhanglar[3], sipoh-solorlarga majlisimdan o‘rin berib, martabalarini yuqori ko‘tardim. Ular bilan suhbatlashib, maslahatlar oldim.
Jang maydonida mardona qilich chopishgan shijoatli jasur kishilarni xush ko‘rardim; jang maydonlariga ot choptirib kirib-chiqish usullarini, g‘anim lashkari to‘pini buzib, saflarini sindirishni, nayza sanchib, qilich chopishni ulardan so‘rar edim. Sipohgarlik ishlarida ularga ishonib kengash so‘rar edim.
Beshinchi toifa–sipoh va raiyat bo‘lib, har ikkisiga bir ko‘z bilan qaradim. Sipohiylardan chiqqan bahodirlar, dovyuraklarga maxsus faxrli o‘tog‘[4], kamar va o‘kdon takdim etib, martabalarini ko‘tardim.
Har mulk va mamlakatning beklari, ulug‘lari, boshliq–oqsoqollarini[5] hurmatladim; ularga sovg‘a-salomlar berib, xizmatlaridan foydalandim. Sipohiylarimni hamisha jangga tayyor holda tutdim; oylik hakdarini so‘rattirmay vaqtida berardim. Chunonchi, Rum yurishida sipohiylarimga o‘tgan va kelajakda qiladigan xizmatlari uchun yetti yillik oziq-ovqatlarini birvarakayiga berdim. Sipoh va raiyatni shunday tutdimki, birontasi ikkinchisiga zulm ko‘rsatib, oyoqosti qilolmas edi. Boshqa sipohiylarni o‘z martabalariga va darajalariga qarab shunday saqladimki, ular haddidan oshib ortiqcha qadam qo‘yolmasdi. Ularning martabalarini na ko‘p ko‘tarib hovliqtirdim va na ko‘p tushurib ko‘ngillarini cho‘ktirdim. Qaysi biri biror xizmat ko‘rsatar ekan, in’omlar berib, boshqalardan ayricha hurmatladim.
Kimning akdi va shijoatini sinov tarozusida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqrokdigini ko‘rsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim.
Oltinchi toifa–ishonchli, to‘g‘ri e’tiqodli oqil-xiradmand kishilarkim, davlat sirlarini ularga ochib, saltanat ishlari bo‘yicha ulardan maslahat olishimga loyiq edilar. Bu toifa kishilar bilan sirdoshlik qilib, o‘z maxfiy ishlarim va pinhoniy sir-asrorimni o‘shalarga topshirdim.
Ettinchi toifa–vazirlar, devon kotiblari va munshiylarki, saltanatim saroyini shular bilan bezatdim. Bularni menga tobe’ mamlakatlarni ko‘rsatuvchi ko‘zgu deb bildim. Chunki ular har mulk–mamlakat, sipoh va raiyat voqealarini menga bildirib turdilar. Bular davlat xazinasi, sipoh va raiyatga oid ishlarni tartibga solib yuritdilar. Saltanat mulkiga tushgan raxnalarni berkitishning loyiq chorayu tadbirlarini ko‘rdilar. Saltanatim korxonasi xazinasining kirim va chiqimiga oid ishlarni to‘g‘ri olib bordilar. hamisha mamlakatda to‘kinchilik va uning obodligi uchun harakat qildilar.
Sakkizinchi toifa–hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarki, ular saltanat korxonasiga rivoj beruvchilardir. Ularni o‘z atrofimga to‘pladim. hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim. Munajjimlardan sayyoralarning qutlug‘-qutsiz kunlari, ularning harakati va osmonda aylanishini anikdab olardim. Muhandislar bilan ittifokda oliy imoratlar barpo etib, bog‘u bo‘stonlarning tarhini chizdirardim.
To‘qqizinchi toifa–muhaddislar, (payg‘ambar, uning avlodlari va sahobalari) haqida rivoyatlar nakd qiluvchilar hamda qissaxonlar bo‘lib, ularni ham o‘zimga yaqinlashtirdim. Payg‘ambarlar va avliyolar haqidagi qissalarni, o‘tgan podshohlar to‘g‘risidagi xabarlarni, ularning saltanat taxtiga qanday yetishganlarini, davlatlarining qanday sabablarga ko‘ra zavol topganini ulardan so‘rab bilardim. Har qaysisining qissalari va xabarlari, ishlari va so‘zlarini eshitib tajribam ortdi. Olamda bo‘layotgan voqealarni ulardan eshitardim va jahon axdi ahvolidan xabar topar edim.
O‘ninchi toifa–mashoyixlar, so‘fiylar, (Xudoni tanigan) oriflardir. Ularning xizmatlarida bo‘lib, suhbatlar qurdim va oxirat foydalarini oldim. Ulardan Tangri taoloning so‘zlarini eshitib, karomatlar ko‘rdim, mo‘’jizalarini mushohada etdim va suhbatlaridan rohatlanib, huzur qildim.
O‘n birinchi toifa–kasbu hunar egalaridir; bularning har toifa va sinfidan bo‘lganlarini davlatxonamga olib kelib, o‘z o‘rdamdan o‘rin belgiladimki, safardayu turg‘unlikda sipohimga kerak yarokdar hamda boshqa jihozlarni hozirladilar.
O‘n ikkinchi toifa–har mamlakat va diyor sayohatchilariyu musofirlarining boshini siladim, ular turli mamlakatlardan menga xabar keltirib turdilar. Har bir mamlakatu diyorga savdogarlar va karvonboshilar tayinladimki, ular Xo‘tan, Chinu Mochin[6], Hindiston, arab mamlakatlari, Misr, Shom, Rum, Jazoir, Farangistongami[7], qaerga borishmasin, u yerlarning nafis matolari va munosib tuhfalaridan keltirsinlar. O‘sha mamlakatlarda istiqomat qiluvchi kishilarning hol-ahvoli, turish-turmushi haqida menga xabar olib kelsinlar. Har bir mamlakat hukmdorining o‘z raiyatiga qanday muomalayu munosabatda ekanligini aniqlasinlar.
[1] Mir Sayyid Baraka taxmin qilinadi. ( –А.А.)
[2] Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»larida Mir Sayyid Baraka nomi keltiriladi. (–А.А.)
[3] Sarhang–(fors. qo‘shin qo‘mondoni)–sarkarda; Bu atama tarjimon Abu Tolib Husayniy at-Turbatiy tomonidan qo‘llangan bo‘lishi mumkin.
[4] O‘tog‘–ya’ni o‘tov, bu yerda maxsus jihozlangan o‘tov nazarda tutiladi. (–А.А.)
[5] Matnda «Kalontaron va kadxudoyon».
[6] Chinu Mochin–Sharq qo‘lyozmalarida odatda Xitoy nazarda tutiladi. ( –A.A.)
[7] Farangiston–keng ma’noda G‘arbiy Yevropa, tor ma’noda Fransiya. (–А.А.)
1370 yil martida Amir Temur Samarqandga qaytib, uni o‘z davlatining poytaxti qilib, keyin qonunlarni va o‘z hokimiyati davlat tuzumini tartibga soldi. (Ibn Arabshoh)