Buyurdimki, yurish vaqtida oddiy askarlardan har o‘n sakkiz kishi o‘zi bilan birga bir chodir olsin, har bir askar ikki ot, bir kamon, bir sadoq (o‘kdon), bir qilich, arra, bigiz, bir qop, juvoldiz, tesha, bolta, o‘nta igna va (orqaga osiladigan) charm xalta olsin.
Bahodirlardan har besh kishi bir chodir olsin. Har biri bitta javshan[1], dubulg‘a, bir qilich, sadoq, yoy va tuzukka muvofiq ot olsin.
O‘nboshilardan har biri o‘zi bilan birga bir chodir, sovut[2], qilich, sadoq, o‘q-yoy va beshta ot olsin.
Yuzboshilardan har biri bir chodir, o‘nta ot, qurol-aslahadan: qilich, sadoq, o‘q-yoy, gurzi, cho‘qmor, koskan[3], zirih, bagtar[4] olsin.
Mingboshilardan har biri o‘zi bilan birga bitta chodir, bir soyabon, qurol-aslahadan javshan, dubulga, nayza, qilich, sadoq va o‘q-yoydan ko‘targanicha olsin.
Birinchi amir bir chodir, bir o‘tov, bir juft soyabon, qurol-aslahadan shu mikdorda olsinlarki, qo‘l ostidagilarga ham bergudek bo‘lsin. Shunga o‘xshash ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi amirdan tortib to amir ul-umarogacha har qaysilari, o‘z martabalariga yarasha, chodirdan, o‘tovdan, otlardan boshlab, to boshqa harbiy anjomlargacha saranjom-sarishta qilib qo‘ysinlar. Birinchi amir bir yuz o‘n ot, ikkinchi amir bir yuz yigirma, uchinchi amir bir yuz o‘ttiz, to‘rtinchi amir bir yuz qirq ot, amir ul-umaroga yetguncha tartib shunday bo‘lsin. U esa o‘zi bilan birga uch yuzdan kam ot olmasin.
Piyodalar bo‘lsa har biri o‘zi bilan birga bir qilich, bir kamon va ko‘targanicha o‘q-yoydan olsinlar. Biroq jang paytida tuzuklarda ko‘rsatilganidan kam bo‘lmasin.
[1] Javshan–oddiy temir sovut.
[2] Matnda «zirih» – sovutning simdan to‘qilgan, o‘q va tig‘ o‘tmaydigan bir turi.
[3] Koskan–bosh kiyimi ostidan o‘raladigan sim ro‘mol. U jangchini o‘q, qilich va gurzi zarbidan saqlagan.
[4] Bagtar–temir simdan to‘qilib, usti baxmal yoki boshqa mato bilan o‘ralgan harbiy kamzul.
Samarqand XV asr boshlarida Osiyo va Yevropa xalqlarining Markaziy Osiyo orqali olib borgan keng ko‘lamdagi savdosining markazi bo‘lgan. Samarqanddan Kichik Osiyoga, O‘rta dengizga, Xitoyga va Hindistonga olib boruvchi jahon ahamiyatiga molik savdo yo‘llari o‘tgan. (Professor N.I. Leonov)