Amr etdimki, fath etilgan har bir mamlakatdagi sipohiylar (o‘z ixtiyorlari bilan) panohimga kelsalar, ularni navkar qilib, (askarlarim safidan) joy bersinlar. U diyorning raiyatini yomon hodisalardan, qatl va asiru band etilishdan, talanishdan muhofaza qilsinlar. Ularning mol-mulkini, buyumlarini talon-torojdan saqlasinlar. O‘sha mamlakatdan tushgan o‘lja mollar egalariga qaytarib berilishini tekshirsinlar.
Sayyidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, akobir va ulug‘larni aziz tutsinlar. Beklar, oqsoqollar, dehqonlar[1] va ekin maydonlariga ishlov beruvchilar ko‘nglini xushnud etib, o‘zlariga qaratsinlar. Raiyatni umid va qo‘rqinch orasida tutsinlar. Gunohlari va qilmishlariga yarasha jazolasinlar. Menga bo‘ysungan mamlakatlarning sayyidlari, olimlari, shayxlari, fozil kishilari, darvishlari, zohidlarini suyurg‘ol, vazifa va oylik bilan siylasinlar. Faqiru miskin, nogironlarga nafaqa tayin qilsinlar. Mudarrislar va shayxlarga kundalik maoshlar belgilasinlar.
Avliyolar, din peshvolarining mozorlari va maqbaralariga vaqfdan mablag‘ ajratsinlar. U yerlarni palos, taom va chiroq bilan ta’minlasinlar. Birinchi navbatda amir al-mo‘minin, mard kishilar shohi Ali ibn Abu Tolibning, unga Ollohning karami va ehsoni bo‘lsin, muqaddas qabrlarini yaxshi sakdash uchun Najaf bilan hillani vaqf etib bersinlar. Imom Husaynning, Olloh undan rozi bo‘lsin, nurga cho‘mgan muqaddas mozori, avliyolar ulug‘i shayx Abdulqodir Jiloniyning[2] muqaddas qabri, imomi a’zam Abu hanifaning, unga Ollohning rahmati bo‘lsin, maqbarasini, Bag‘dodda nurga cho‘mgan boshqa mashoyixlar, din peshvolari, ulug‘larning mozorlarini yaxshi saqlash uchun baholi qudrat Karbalo, Bag‘dod hamda ularning atrofidagi qishloqlar va boshqa joylardan vaqf sifatida yer-suv ajratsinlar. Imom Muso Kozim[3], imom Muhammad Naqiy[4], Salmon Forsiylarning[5] nurli ravzalari uchun esa Jazoir[6] ekin maydonlaridan va Madoin[7] daromadidan vaqf belgilasinlar. Imom Ali ibn Musoning[8] tabarruk ravzalari uchun Kutahbast va Tus shahri atrofidagi yerlardan vaqf ajratsinlar va palos, chiroq hamda kundalik yemish-ichmishlar belgilasinlar. Shuningdek, Eron va Turondagi shayxlarning mozorlari va qabrlari uchun har biriga alohida, nomma-nom nazru vaqflar ajratsinlar.
Yana buyurdimki, har bir mamlakat fath etilgach, u yerning gadolarini to‘plab, kundalik yemish-ichmishlar bilan ta’minlab, ularga biron ish bersinlar. Hamda barchasi tamg‘alansinlar, toki boshqa gadolik qilmasinlar. Agar tamg‘adan keyin ham gadolik qilgudek bo‘lsalar, ularni uzoq mamlakatlarga sotib yuborsinlar yoki haydasinlar. Shundagina gado zoti mamlakatimdan yo‘qoladi.
[1] Dehqon–bu yerda yer egasi ma’nosida.
[2] Abdulqodir Jiloniy–yirik mutasavvif olim; qodiriya tariqatining asoschisi (1166 y. vafot etgan).
[3] Imom Muso Kozim–shialarning yettinchi imomi (799 y. vafot etgan).
[4] Imom Muhammad Naqiy–shialarning o‘ninchi imomi.
[5] Salmon Forsiy–Muhammad payg‘ambarning fors sahobasi (655 y. vafot etgan).
[6] Jazoir (birligi–Jazira)–Iroqning shimoli. (–А.А.)
[7] Madoin–Bag‘dod tarkibiga kirgan yetti qishlokdan birining nomi. (–А.А.)
[8] Imom Ali ibn Muso–shialarning sakkizinchi imomi (821 y. vafot etgan).
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)