Amr qildimki, har yerda, viloyatu shahar va lashkar o‘rdusida kundalik voqealarni yozuvchilarni[1] tayin qilsinlarki, hokimlar, raiyat, sipoh, o‘z lashkari va yot lashkarning xatti-harakati haqida meni xabardor qilsin. Atrofdan kirgan-chiqqan mol-mulk, chetdan kirgan, chetga chiqqan yot kishilar, har turli mamlakatlardan kelgan karvonlar, qo‘shni podshoxdar, ularning gap-so‘zlari, ishlari haqidagi xabarlar va uzoq o‘lkalardan bo‘lib, mening dargohimga yuzlangan ulamo, fuzalo haqidagi so‘zlarni to‘g‘rilik bilan menga yozib tursinlar. Agar bunga xilof ish tutgudek bo‘lsalar, (bo‘lib o‘tgan) voqealarni yozmasalar, yozuvchining xabar yozgan barmokdari kesilsin. Agar xabar yozuvchi biror sipohiyning xizmatini yashirsa yoxud xabarni boshqa libosga kiyintirib (yolg‘on) yozgan bo‘lsa, u holda uning qo‘lini kessinlar. Agar yolg‘on xabarni tuhmat yoki g‘araz bilan yozgan bo‘lsa, uni qatl etsinlar va yana amr etdimki, ushbu xabarlarni kunma-kun, haftama-hafta, oyma-oy mening arzimga yetkazib tursinlar.
Amr qildimki, mingta tezyurar tuya mingan, mingta ot mingan yelib-yuguruvchi kishini chopqunchi, ming nafar tezyurar piyodani chopar etib tayinlasinlarki, turli mamlakatlar, sarhadlarning xabarlarini, qo‘shni hukmdorlarning maqsadlari va niyatlarini bilib, huzurimga kelib, xabar qilsinlar, toki biron voqea, korhol yuz bermasidan burun uning chorasi va iloji qidirilsin.
Chunonchi, To‘xtamishxonning O‘rusxondan yengilgani haqida menga xabar yetkazganlarida[2], uning panoh izlab huzurimga kelishini bildim. (Shuning uchun) O‘rusxonga qarshi jang qilishga tayyorlana boshladim va To‘xtamishxonga yordam berdim.
(Shunga o‘xshash) yana bir misol. Hindistonni zabt etish uchun yo‘lga chiqqanimda[3], bu o‘lkaning har bir viloyatida alohida hokim yoki voliy saltanat taxtida o‘tirgani haqida menga xabar keltirdilar. Chunonchi, Mo‘lton o‘lkasida Malluxonning inisi Sarang, Dehlida Sulton Mahmudxon saltanat bayrog‘ini yoygandi. Lohur[4] nohiyasida Malluxon lashkar to‘plagandi, qanauj[5] viloyatida esa Muborakxon saltanatga da’vogarlik qilib bosh ko‘targan edi. Qisqasi, Hindistonning har bir viloyatida biron-bir kimsa saltanat toju taxtiga da’vogarlik qilardi. Bu xabar qulog‘imga yetgach, bu mamlakatni zabt etishim oson tuyuldi. Chunonchi, Hindistonni zabt etgan vaqtimda Rum qaysari mening ba’zi mamlakatlarimga chopqun qilgani, gurjilar bo‘lsa o‘z yurtlari chegarasidan tashqari chiqib, mening lashkarlarim qamal qilib turgan ba’zi qal’alar ichidagi odamlarga yordam berayotgani haqida xabar keltirdilar. O‘z-o‘zim bilan kengashib, agar Hindistonda ko‘proq turib qolsam, Eron mamlakatida ham tartibsizlik boshlanishi mumkin, dedim. Shuning uchun Hindiston poytaxtidagi ishlarimni tezda tartibga keltirib, yurish boshladim. Yo‘lda bir necha kun Movarounnahrda to‘xtadim. U yerdan Rum va Gurjiston tomon yo‘l oldim. O‘sha mamlakatlarning barisini zabt etdim.
[1] Matnda «xabarnavis».
[2] Gap 1376 yili To‘xtamishxon O‘rusxondan qochib, Samarqandga kelishi bilan bog‘liq voqealar ustida bormokda. (—А.А.)
[3] Bu voqea 1398 yil apreli 1399 yil apreli oralig‘ida yuz bergan. (–А.А.)
[4] Lohur–Panjobning markaziy shahri. (–А.А.)
[5] Qanauj–hindistonning qadimiy shahri. Agradan sharqroqda, janubiy Panchala daryosining irmog‘ida joylashgan. Gujarot viloyati poytaxti. (–А.А.)
Amir Temur ko‘p vaqtni shatranj o‘yini ustida o‘tkazgan. U o‘z davrining mashhur shatranjchilari bilan bemalol bellasha olgan. (Xilda Xukxem)