O‘zga mamlakatlarni zabt etish, ularni idora qilish, g‘anim lashkarlarini sindirish, dushmanni tuzoqqa tushirish, muxoliflarni (ko‘nglini ovlab) do‘stga aylantirish, do‘st-dushman orasida muomala, murosayu madora qilish xususida ushbu kengash va tadbirlarni qo‘lladim.
Pirim[1] menga yozmishlarkim: «Abulmansur[2] Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni:
1) (o‘zing bilan) kengash[3]; 2) (boshqalar bilan) mashvaratu maslahat ayla; 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar; 4) ehtiyotkor bo‘l. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo‘lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin; uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan.
Yana shuni ham bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka solish bilan bitur. (Xullas) tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qat’iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay. Vassalom».
Bu maktub menga yo‘l boshlovchi yanglig‘ rahnamolik qildi. U menga saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini anglatdi. (Donishmandlar) demishlarkim, o‘z o‘rnida qo‘llangan tadbir bilan ko‘plab lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj askarlarni yengib bo‘lur.
Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.
Men yana tajribamda ko‘rdimki, g‘anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligi bilan emas, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir. Chunonchi, men kengashib va tadbir yuritgan holda ikki yuz qirq uch kishi bilan Qarshi qal’asi ustiga yurdim. Amir Muso va Malik bahodir o‘n ikki ming[4] otliq askar bilan qal’a va uning atrofini qo‘riqlamoqda edilar. Lekin Tangri taoloning yordami yetib, o‘zim qo‘llagan to‘g‘ri tadbirlarim orqali Qarshi qal’asini egalladim.
Shundan so‘ng, amir Muso va Malik bahodir o‘n ikki ming otliq askar bilan ustimga bostirib kelib, meni Qarshi qal’asida qamal qildilar. Men Tangrining madadiyu inoyatiga ishonib, tadbirkorlik va ehtiyotkorlik ishlatgan holda qal’adan chiqib, qulay fursatlarda bir necha marta jangga kirdim. Pirovardida shu ikki yuz qirq uch yigitim bilan o‘n ikki ming otliq g‘anim lashkarini mag‘lubiyatga uchratdim va ularni bir necha farsang[5] yergacha quvib bordim.
Yana tajribamdan o‘tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi takdir pardasi orqasida yashirin bo‘lsa ham, akdi raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir. (Shuning uchun) payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam (unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin) aytganlaridek, har bir ishni qilishga kirishar ekanman, avval obdan o‘ylab, (amirlarim bilan) kengashdim.
Maslahatchilar va kengash ahli yig‘ilganda, oldimizdagi ishlarning yaxshi-yomon, foydayu ziyon tomonlari, ularni amalga oshirish, oshirmaslik haqida so‘z ochib, (ulardan) fikr so‘rar edim. So‘zlarini eshitgach, ishning har ikki tomonini mushohada qilib, foyda-ziyonlarini ko‘nglimdan kechirardim; uning xatarli tomonlariga ko‘proq e’tibor nazari bilan qarardim; qaysi bir ishda ikki xatar mavjud bo‘lsa, uni (bajarishdan) voz kechardim va bir xatarlik ishni ixtiyor etardim. Chunonchi, shunga ko‘ra Tug‘luq Temurxonga[6] to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganman. Uning amirlari Dashti Jetada[7] isyon tug‘ini ko‘targanlarida, mendan maslahat so‘radi. Unga shunday dedim: «Agar g‘animni sindirish uchun bir favj askar yuborsang, oldingda ikki xatar bordir, agar o‘zing olib borsang, bir xatar mavjud». U mening maslahatimga kirib, Dasht tomon o‘zi borib edi, men aytgandek bo‘ldi.
Ishlarimning barini kengash bilan yurgizib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo‘llar edim. Bir ishga kirishmay turib, undan chiqish yo‘llarini o‘ylab qo‘yar edim. Uni to‘g‘ri tadbir, qat’iy jazm, sabr-chidam ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzog‘ini o‘ylab, ortini esdan chiqarmagan holda oxiriga yetkazardim.
Yana tajribamdan o‘tkazdimki, kengash ahli birlik, ittifokdik bilan so‘zda sobit, ishda chidamli bo‘lishlari shartdir. Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasunlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, uning yaqiniga ham yo‘lamasunlar.
Tajribamdan ma’lum bo‘ldiki, kengash ikki turli bo‘lur. Biri–til uchida aytilgani, ikkinchisi–dildan chiqqani. Til uchida aytilganini (shunchaki) eshitardim. Dildan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim.
Agar (g‘anim ustiga) lashkar tortmoqchi bo‘lsam, urush-yarashdan o‘rtaga so‘z tashlab, amirlarim ko‘ngillarining bu ikkovidan qay biriga moyilligini bilishga intilardim. Agar yarashdan so‘z ochsalar, buning foydasini urush ziyoniga solishtirib ko‘rardim. Agar urushga moyil bo‘lsalar, uning naf va foydasini yarash ziyoniga taqqoslab ko‘rardim; qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, shuni ixtiyor qilardim.
Sipohni ikkilantiradigan (turumsiz) kengashni eshitishdan saqlanardim. Kengash ahlidan kimki kuyunib maslahat bersa, quloq solardim, kimki oqilona gaplarni mardlarcha keskinlik bilan so‘zlasa, uni diqqat bilan tinglardim.
har kimdan so‘z olib, kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi-yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim.
Chunonchi, Chingizxon avlodidan bo‘lmish Tug‘luq Temurxon Movarounnahr mulkini bosib olish qasdida qo‘shin tortib[8], Xo‘jand suvidan[9] kechib o‘tgach, menga, amir Іoji Barlos[10] va amir Boyazid Jaloyir[11] nomiga yorliq[12] jo‘natib, uning huzuriga borishimizni talab qilgan edi. Ular men bilan kengashdilar: «O‘z el-ulusimiz bilan Xurosonga ketaylikmi yoki Tug‘luq Temurxon qoshiga boraylikmi?» Men ularga bunday yo‘l ko‘rsatdim: «Tug‘luq Temurxonning huzuriga borsangiz ikki foyda, bir ziyon bordir. Xuroson tomonga o‘tib ketishning (esa) ikki ziyoni, bir foydasi bordir».
Ular mening kengashimga kirmadilar va Xuroson tomonga ketdilar[13].
Men ham Xurosonga yoki bo‘lmasa Tug‘luq Temurxonning qoshiga borish-bormasligimni bilmay ikkilanib qoldim. Shu hol asnosida pirimdan maslahat so‘rab xat yozgan edim, ushbu mazmunda javob yozib yuboribdilar: «To‘rtinchi xalifadan[14], unga Tangrining karamu marhamati bo‘lsin, bir kishi so‘rabdiki, osmon–kamon, yer–kamon ipi, hodisalar o‘q-yoy bo‘lsa, insonlar ul o‘q-yoylarga nishon bo‘lsa, otg‘uchi (esa)–buyuk va qudratli Xudoyi taolo bo‘lsa, odamlar qaerga qochadilar?» Xalifa javob qilib: «Odamlar Tangrining qoshiga qochsunlar»,–debdi. Shunga o‘xshash sen ham hozir Tug‘luq Temurxonning oldiga qochg‘il va qo‘lidagi o‘q-yoyini tortib olg‘il».
Bu javob kelishi bilan ko‘nglim ko‘tarilib, yuragim bundan quvvat oldi va Tug‘luq Temurxon qoshiga borishga ahd qildim.
Lekin biron ishni qilmoqchi bo‘lsam, kengashib olgach, keyin qur’ondan fol ochardim va qur’on hukmi bilan ish qilur edim. Tug‘luq Temurxon oldiga borishdan avval qur’onni ochsam, «Surayi Yusuf»[15] chiqdi va Kur’oni majid hukmiga amal qildim.
[1] «Tuzuklar»ning Bombey nashrida kitob hoshiyasida shu o‘rinda Zayniddin Abubakr Tayobodiy nomi ko‘rsatilgan. ( –A.A)
Amir Temurning uch shayxga nisbatan ixlosi juda kuchli bo‘lgan. Bular–Shamsiddin Kulol, Sayyid Baraka va Zayniddin Tayobodiylardir. 1) Shamsiddin Kulol Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ayning piri (vaf. 1370 y. Kesh). 1373–74 yillarda Amir Temur Shamsiddin Kulol qabri yonida gumbazli maqbara qurdiradi va otasining xokini o‘sha yerga ko‘chirtirib, Shamsiddin Kulol qabrining qibla tomoniga dafn etadi. 2) Mir Sayyid Baraka (vaf. 1404 y.). Amir Temur u bilan Termiz yaqinida uchrashgan. Amir Temur unga 1370 yilda Andxud (Hozirgi Afg‘onistonda Andxo‘y) viloyatini iqto’ tarzida in’om etgan. Mir Sayyid Baraka Amir Temurga zafar va g‘alabalar ramzi bo‘lgan nog‘ora bilan bayroq tortiq qilgan, Sohibqironning Mozandaron, Dashti qipchoq harbiy yurishlarida unga hamroh bo‘lgan. Samarqandda Amir Temur maqbarasiga dafn qilingan. 3) Zayniddin Abubakr Tayobodiy. Xurosonlik yirik shayx va shayxulislom. «Zubdat ut-tavorix» asarida hofizi Abru Amir Temurning Xurosonga yurishi (782/1381) paytida u bilan uchrashgani haqida hikoya qilgan. Muarrix Fasih Xavofiyning (XV asr) «Mujmali Fasihiy» asarida ham shunday ma’lumot keltirilgan va Tayobodiyning 1389 yil 29 yanvarda vafot etgani aytilgan.
[2] Abulmansur (lug‘aviy ma’nosi: zafar, g‘alaba qozonuvchi)–ulamo va mashoyixlar tarafidan Amir Temurga berilgan faxrli nom.
[3] «Temur tuzuklari»da «kengash» so‘zi ikki ma’noda kelgan: 1. Mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish. 2. Boshqalar bilan maslahatlashish.
[4] Asarning Tehron nashrida «ikki ming otliq askar» deb ko‘rsatilgan.
[5] Farsang–taxm. 6 km ga teng masofa. (–A.A.)
[6]Tug‘luq Temurxon–Mo‘g‘uliston xoni (1348–1362). Mo‘g‘uliston yoki Jeta–Chig‘atoy ulusi parchalanishi natijasida uning Movarounnahrdan sharkdagi qismi, ya’ni Sharqiy Turkiston va Yettisuv yerlarini o‘z ichiga olgan davlat. Xon 1360–1361 yillar bahorida Movarounnahrga ikki marta yurish qilib, Qashqadaryo vohasigacha yetgan. 1362 yili vafot etgan. (–A.A.)
[7] Dashti Jeta–Yettisuvda Chu daryosi atrofidagi dashtlik. (–A.A.)
[8] Voqea 1360 yilning bahorida sodir bo‘lgan.
[9] Xo‘jand suvi–Sirdaryoning o‘rta asrlardagi nomlaridan biri.
[10] Amir Hoji Barlos – nufuzli barlos beklaridan. Kesh va unga tobe’ yerlar hokimi. Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnomasi»da keltirilishicha, Amir Temurning amakisi bo‘lgan va 1361 yili Xurosonning Juvayn mavzeida o‘ldirilgan. 1381 yili Amir Temur Juvayn mavzeini zabt etgan va amakisining avlodlariga u joydan «mol» solig‘ini yig‘ish huquqini bergan.
[11] Amir Boyazid Jaloyir – Xo‘jand viloyatining amiri. 1361 yili Tug‘luq Temurxonning buyrug‘iga ko‘ra qatl etilgan.
[12] Yorliq – farmon.
[13] Bu voqea 1361 yilda sodir bo‘lgan.
[14] ...to‘rtinchi xalifa – bu yerda hazrati Ali ibn Abu Tolib (656–661), Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi va kuyovi nazarda tutilgan.
[15] «Qur’oni karim», Yusuf surasi, 54-oyat (Shoh buyurdi: «Uni huzurimga keltiringiz, o‘zimga xos kishilardan qilib olay!» U bilan so‘zlashgach (shoh): «Sen bugun (dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan»,–dedi.)
Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi.