Tug‘luq Temurxon (sarkardalari) Bekkichik, Hojibek arkanut[1], Ulug‘ Tug‘ Temur kerayit[2] va Jetaning boshqa amirlaridan uch favj[3] tuzib, Movarounnahr mamlakatini talon-toroj qilish uchun yuborgani, o‘sha uch favj qo‘shin Xuzor[4] degan joyga kelib tushgani haqidagi xabar mening qulog‘imga yetdi. Shunda Tug‘luq Temurxonni borib ko‘rishdan ilgari bu ochko‘z amirlarni mol-dunyo bilan mahliyo etib, Movarounnahr viloyatini qatlu g‘oratdan qutqarib qolishga qaror qildim.
Tilga olingan amirlarni ko‘rganimda, ularni haybatim bosdi shekilli, ortiqcha iltifotlar ko‘rsatib, hurmatimni bajo keltirdilar. Ularning ko‘zlariga o‘xshash ko‘ngillari ham tor bo‘lganidan, sovg‘a-sovrun[5] yo‘sinida berilgan har turlik tansiq mollar ko‘zlariga ko‘p ko‘rindi va Movarounnahrni bosib olish, talon-toroj qilish niyatidan qaytdilar.
(Shundan so‘ng) to‘g‘ri borib Tug‘luq Temurxon bilan ko‘rishdim[6]. Xon kelishimni yaxshilikka yo‘yib, (saltanat ishlarida) mendan kengash so‘radi. Ko‘rsatgan kengashlarimni to‘g‘ri deb topib, barchasini qabul qildi.
Shu asnoda Tug‘luq Temurxonga xabar keltirdilarkim, (yuqorida aytilgan) uch favj amirlari mahalliy xalkdan naqd pul va sovrunlar olib, ular bilan kelishmishlar. Xon shu ondayoq mol-mulk bilan nakd pullarni qaytarib olish uchun vakil tayin qildi va amirlarni bundan buyon Movarounnahrga borishlarini man’ etdi. Mansablaridan bo‘shatdi. O‘rinlariga Xoji Mahmudshoh Yasuriyni[7] tayinladi.
Bu hakda amirlar xabar topgach, dushmanlik bayrog‘ini ko‘tarib, yurtlariga qaytib ketdilar. Yo‘lda xonning devonbegi va bosh maslahatchisi bo‘lmish O‘g‘lonxo‘jani uchratdilar. Uni ham o‘zlariga og‘dirib olib, Jeta tomon yuzlandilar.
Aynan shu vaqtda Tug‘luq Temurxonning Dashti qipchoqdagi[8] amirlari ham isyon tug‘ini ko‘targani haqida xabar olindi. Bundan xon tashvishga tushdi. U men bergan maslahatga ko‘ra Jeta tarafga yo‘l oldi. Movarounnahrni esa menga qoldirdi va bu xususda yorlig‘u ahdnoma yozib berdi. Amir qorachor no‘yonning[9] Movarounnahrdagi tumanini ham menga topshirdi. Men butun Movarounnahr viloyatiga, to Jayhun daryosining sohillarigacha cho‘zilgan yerlarga hukmron bo‘ldim.
Davlat va saltanatimning boshlanishida eng avval qilgan kengashim shul edi.
Men tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar qilolmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin ekan.
[1] Arkanut–Chig‘atoy ulusining sharqiy qismi (Mo‘g‘uliston)dagi ko‘chmanchi turk qabilalaridan biri. ( –A.A.)
[2] Kerayit–nufuzli turk qavmlaridan birining nomi. Uning boshliqlari o‘z vaqtida Chingizxonni qo‘llab-quvvatlagan.
[3] Favj–harbiy bo‘linma, kattaligi turlicha bo‘lgan.
[4] Xuzor–Qashqadaryo viloyatiga qarashli hozirgi G‘uzor tumani markazi.
[5] Sovrun–o‘rta asrlarda podshoh va xonlar, umuman oliy martabali kishilar bilan uchrashganda ularga qilinadigan tansiq mollardan iborat qimmatbaho tortiq.
[6] Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida yozishicha, bu uchrashuv 761/1360 yilda yuz bergan. (–A.)
[7] Hoji Mahmudshoh Yasuriy–Yasur urug‘ining amiri. (–A.A.)
[8] Dashti qipchoq–arab va fors tillaridagi adabiyotlarda XI asr boshlaridanoq qo‘llangan bu atama Sharqiy Turkistondan tortib, g‘arbda to Dunay daryosining quyi oqimigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga olgan. qipchoq so‘zi rus solnomalarida «polovets» deyilgan, Vizantiya solnomalarida esa «koman» atamasi qo‘llangan. Tug‘luq Temurga bu Dashtning sharqiy qismi qaragan. (–A.A.)
[9] Qorachor no‘yon–Chingizxonning nufuzli amirlaridan biri, Chig‘atoyxonning maslahatchisi va lashkarboshisi.
Samarqand XV asr boshlarida Osiyo va Yevropa xalqlarining Markaziy Osiyo orqali olib borgan keng ko‘lamdagi savdosining markazi bo‘lgan. Samarqanddan Kichik Osiyoga, O‘rta dengizga, Xitoyga va Hindistonga olib boruvchi jahon ahamiyatiga molik savdo yo‘llari o‘tgan. (Professor N.I. Leonov)