Amir Husayn: «Mening do‘stlik va qarindoshlikni rioya qilishdan bo‘lak niyatim yo‘q», – deb qur’on ustida qasam ichdi, keyin o‘sha qur’onni menga jo‘natdi. U yana mana bularni ham aytib yuboribdi: «Agar senga aytgan gaplarimga xilof biron ish tutish niyatim bo‘lsa va o‘rtadagi ahd-paymonimni buzib senga yomonlik qilsam, shu ushlagan qur’on – Xudoning ki-tobi meni ursin». Uni musulmon deb bilganim uchun so‘zlariga ishondim. Shundan keyin u mening huzurimga yana odam yuborib: «O‘rtadagi ahd-paymonimizni yangilasak, xudo haqi, durust bo‘lardi», – deb meni Chak-chak[1] darasida uchrashishga da’vat etdi. Uning maqsadi meni makru firib bilan qo‘lga tushirish edi. Ahd-paymoni, so‘ziga ishonib bo‘lmasligini bilsam ham, ammo qur’on hurmatini saqlab, (aytgan joyiga) uchrashuvga borishga qaror qildim. (Biroq bu borada) ehtiyot shart, Chakchak darasi atrofiga bahodirlarimdan bir guruhini yuborib, yashirib qo‘yish, keyin esa o‘zim suyansa bo‘ladigan ishonchli odamlarimni olib, uchrashuvga borish rejasini tuzdim.
Amir Husayn xizmatida bo‘lgan do‘stlarimga xat yuborib, uning nayranglaridan meni ogoh etib turishlarini so‘radim. Do‘stlarimdan biri Sher Bahrom amir Husaynning niyati shum ekanligidan meni ogoxlantirdi. Amir Husayn (buni sezib qolib) Sher Bahromni qatl ettirdi, mening ustimga esa ming otliq askar bilan hujum boshladi.
Bu xabar menga yetganida, endi daraga kelib tushgan edim. Ko‘shinimni tartibga soldim. Shu vaqt amir Husayn lashkarining qorasi ko‘rindi. Qorovullar bu faqat amir Husayn lashkarining bir qismi ekanligi, uning o‘zi bu yerda yo‘kdigini xabar qildilar va: «Amir Temur bir o‘zi kelibdi, degan gapni eshitib, sizni qo‘lga tushirish uchun lashkarining bir qisminigina yubordi»,–dedilar.
Men (jangu jadalga) hozirlana boshladim. Bu yerda hammasi bo‘lib ikki yuz otliq askar bor edi. Amir Husayn qo‘shinining favji daraga kirgunigacha sabr qilib turdim. O‘zim kelgunga qadar (bu yerga) yuborgan odamlarimga ularning qaytish yo‘lini to‘sishlarini buyurdim, o‘zim esa yog‘iyga yuzma-yuz bo‘ldim. (Xullas) darada ikki yokdan qamalib qolgan g‘anim lashkarining ko‘p qismini qo‘lga tushirdim. (So‘ng) odamlarimni saf-saf qilib tuzdim va qarshiga qarab yuzlandim. Tajribamdan shuni ko‘rib bildimki, do‘st har yerda asqotar ekan. Amir Husaynga (esa) ushbu mazmunda turkiy bayt yozib yubordim:
Yorga yetkur, sabo, kim makr qilmishdir manga,
Qildi ersa kimga makrin, qaytadur bir kun anga.
Bu xatim amir Husaynga borib yetgach, ko‘p xijolat bo‘ldi va mendan uzr so‘radi, (lekin) men ikkinchi bor uning so‘ziga ishonmadim.
[1] Chakchak darasi–Chakchak tizmasining janubiy etagida joylashgan mavze, hozirgi nomi Chakdara (qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani hududida).
Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda bo‘lar va bilimi bilan halloligini ko‘rgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va ma’muriy sohada bilimdon bo‘lgan kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur o‘zidagi kishilarni bo‘ysundirish qobiliyatiga ularni o‘z hukmronligi ostida baxtiyor qilish iste’dodini ham qo‘shgan edi. (Lui-Matyo Langle)