To‘xtamishxon[1] taxt talashib (Dashti qipchoq) xoni O‘rusxondan yengilib, mening panohimga qochib kelgan edi. Uning bilan qo‘shin yuborsammikan, yo o‘zim borsammikan deb turganimda, O‘rusxonning elchisi kelib
qoldi. Kengashib, elchining ko‘nglini ovlab, so‘ng ketishiga ijozat berishni, o‘zim esa Dashti qipchoq tomon yuzlanib, elchining ketidan lashkar jo‘natishni mo‘ljalladim, toki elchi xotirjamlik bilan bo‘lgan voqealarni O‘rusxonning majlisida bayon qilsin, ertasi kuni mening qo‘shinlarim qo‘qqisdan ularning ustiga bostirib borsin.
O‘ylaganimdek ish tutgandim, tadbirim taqdirga to‘g‘ri keldi. O‘rusxon elchisi bo‘lgan voqealarni so‘zlab berayotgan paytda, mening qo‘rqmas lashkarim nogahon kelgan seldek O‘rusxon ustiga yopirildi. U esa qarshilik ko‘rsatolmay, qochishni ixtiyor qildi. Dashti qipchoq mamlakati menga bo‘ysundi[2].
[1] To‘xtamishxon–Jo‘chi avlodi, Oltin o‘rda xoni (1376–1395). 1378 yili Amir Temurning yordami bilan Jo‘chi ulusining har ikkala qismini, Oq O‘rda bilan Oltin O‘rdani bir-biriga qo‘shib, 1395 yilga qadar Dashti qipchoqad Jo‘chi ulusi ustidan hukmronlik qiladi. 1405 yildan keyin Sibir o‘rmonlarida kasallikdan vafot etgan.
[2] Bu voqea 1376 yilda bo‘lgan.
O‘ziga xos vatanparvarlik hissiyotlari bilan ruhlangan, ijtimoiy voqealarni o‘zicha tushungan tadbirkor Amir Temur 25 yoshida Shahrisabz hokimligiga muyassar bo‘ldi. (I.Mo‘minov)