Kobulda javong‘orning o‘ttiz ming otliq askari bilan turgan amirzoda Pirmuhammad Jahongirga Sulaymon tog‘i orqali yurib, Sind daryosidan o‘tgach, Mo‘lton[1] viloyati ustiga to‘satdan bostirib borib, zabt etishni tayinladim.
Sulton Muhammadxon[2], amirzoda Rustam[3] va boshqa amirlarga barong‘orning o‘ttiz ming otlig‘ini olib Sind daryosidan kechib o‘tib, Kashmir tog‘i etagidagi yo‘l bilan, Lohur viloyatiga qo‘qqisdan bosqin qilishni buyurdim. O‘zim o‘ttiz ming otliq askar bilan g‘o‘lni[4] boshqardim. Hindiston yurishiga jamlangan lashkarlar umumiy soni to‘qson ikki ming otliqqa yetgan edi. Lashkarim soni Ollohning yerdagi elchisi Muhammad sallollohu alayhi vasallam ismi shariflari soniga to‘g‘ri kelganligi uchun, bu tasodifni istiqbolning xayrli va muborak follari sirasiga kiritdim.
Otlanib yo‘lga tushdim va Badaxshon chegarasidagi Andarob degan joyga kelib tushdim. (Bu yerda bir necha kun bo‘lib) Katur[5] tog‘ida istiqomat qilib turgan kofirlarni yengdim. Ularga jazo berganimdan so‘ng, dor ul-harb bo‘lmish Hindiston g‘azovotiga yuzlandim[6].
[1] Mo‘lton–hozirgi Pokistondagi shahar.
[2] ... Sulton Muhammadxon – «Tuzuklar»ni asliyatdan forschaga tarjima qilgan tarjimon yoki xattot xatosi, aslida Sulton Mahmudxon (1388–1402) bo‘lishi lozim, Chig‘atoyxon avlodi, Amir Temur hukmronligi davrida xon deb e’lon qilinganlardan biri. (–А.А.)
[3] Amirzoda Rustam (1381–1424) – Amirzoda Umarshayxning o‘g‘li. 1405–1408 va 1415 yillari Isfahon hokimi bo‘lgan. 1424 yili Isfahonda vafot etgan.
[4] G‘o‘l (yoki qo‘l, qalb) – lashkarning markaziy qismi.
[5] Katur–Hindikushdagi tog‘li viloyat, Kofiriston, hozir Nuriston deb ham ataladi.
[6] Hindistonga yurish 1398 yil aprel oyida boshlanib, 1399 yil aprel oyining 27 sigacha davom etgan.
Amir Temur va uning avlodlari davrida "Kitoblar uylari" ("Dor ul-kutub") mavjud bo‘lib, ular yilma-yil noyob asarlar bilan to‘ldirib borilgan. Afsuski, XVII - XIX asrlardagi bosqinlar, mustamlakachilik oqibatida bu kitoblar jahonning turli burchaklariga olib ketildi. Hozirda ota-bobolarimizning, ayniqsa temuriylar davrining noyob durdona qo‘lyozmalari dunyoning eng mashhur muzeylarini bezab turibdi. (To‘lqin Hayit "Amir Temur xazinasi")