Shu orada menga arz qildilarki, bir to‘da afg‘onlar Hindistonga olib boradigan yo‘lga bosqin qilib, u yerda qaroqchilik qilayotgan ekanlar. Xususan, bulardan Karkas[1] qabilasining boshlig‘i Muso Afg‘oniy haddidan oshayotgan ekan. Mening vafodor xizmatkor va tobe’larimdan biri bo‘lgan Lashkarshoh Afg‘oniyni Pirmuhammad Jahongir Eryob qal’asini qo‘riqlashga qo‘ygan edi. Muso Afg‘oniy mazkur qal’aga ot solib, shiddat bilan bosib olibdi, Lashkarshoh Afg‘oniyni o‘ldirib, qal’adagilarning bor-yo‘g‘ini talab ketibdi.
Shu paytda (huzurimga) Lashkarshohning inisi Malik Muhammad dod-faryod ko‘tarib keldi. U og‘asini o‘ldirgan Muso Afg‘oniyning jabru zulmidan shikoyat qildi. Men bo‘lsam (uning so‘ziga quloq solmagan bo‘lib): «Hoy inson, Muso Afg‘oniy menga xayrxohlardan biridir», dedim va uni qamab qo‘yishlarini buyurdim. Amirlarim meni nohaq zulm o‘tkazdi, deb aybladilar.
Biroq, buning aksincha, Muso Afg‘oniy Malik Muhammadning hibsga olingani haqidagi xabarni va mening aytgan gaplarimni eshitib, ko‘ngli taskin topdi. Shundan keyin, uni huzurimga kelishini talab qilib yozgan yorlig‘imni olgach, hadiksiramasdan darhol yetib kelib, qal’ani menga peshkash qildi.
Men u qal’ani tomosha qilish uchun ichkarisiga kirganimda, uning (Muso Afg‘oniyning) sipohiylaridan biri meni o‘ldirish qasdida o‘q-yoy otdi. Keyin Muso Afg‘oniy o‘ziga yarasha jazosini topdi. Hindiston yo‘li ochildi.
[1] Karkas–xato yozilgan. Kakar bo‘lishi kerak. Hozirgi Pokistonning shimoli-g‘arbida yashaydigan qabila. (–А.А.)
Deyarli bartaraf etib bo‘lmaydigan ikki g‘ov, bizning taassub va tarixning yanglishiligi - bizning Amir Temurni bilishimizga va baholashimizga monelik qildi. Biroq ko‘pgina mualliflarning o‘z salnomalarida uni soxta bayon etganliklari muhim emas, axir uning nomi millatlar voqeanomalarida o‘chmas yozuvlarda qayd etilmaganmi?! Axir, avlodlari foydalanib kelgan zafarlari uning buyuk zakovatini isbotlash uchun yetarli emasmi? (Lui-Matyo Langle)