U shundan iborat bo‘ldiki, hijriy 762 (milodiy 1361) yili Tug‘luq Temurxon ikkinchi marta Movarounnahrga qo‘shin tortib kelib, meni o‘z huzuriga chorlab noma jo‘natdi. Men (rozi bo‘lib), uning istiqboliga chikdim va u bilan ko‘rishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni o‘g‘li Ilyos Xojaga[1] topshirdi, meni esa sipohsolor qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha ro‘yxushlik bildirmayotganimni sezib, bobom qachuli bahodir[2] va o‘zining bobosi qabulxonlarning[3] ahdnomasini ko‘rsatdi. Po‘lat taxtaga o‘yib yozilgan ahdnomada «Xonlik qabulxon avlodining qo‘lida, sipohsolorlik esa Qachuli bahodir bolalarida bo‘lsin, ular bir-biri bilan yovlashmasinlar» degan so‘zlar bitilgan ekan. Buni o‘qib ko‘rgach, ulug‘lar ahdiga vafo qilish yuzasidan sipohsolorlikka rozilik berdim.
Movarounnahrda mo‘g‘ullarning[4] jabru zulmi ortib ketdi. Chunonchi, sayyid va sayyidzodalardan yetmish kishini asir olib band etdilar. Ilyos Xoja davlat va siyosat ishlarida layoqatsiz bo‘lgani tufayli ularning zulmu sitamiga barham berishga ojiz edi. Men bo‘lsam, o‘z salobatu haybatim bilan mo‘g‘ullar ustidan g‘alaba qozondim va mazlumlarni zolimlar jabridan xalos etdim. Bu Ilyos Xoja amirlari va mo‘g‘ullarning menga nisbatan dushmanlik qilishlariga sabab bo‘ldi. Ular Tug‘luq Temurxonga xat yozib, «(Amir) Temur bizga qarshi isyon tug‘ini ko‘tardi» dedilar. Xon yolg‘on gaplarni chin bilib, meni o‘ldirib yo‘qotish haqida yorlig‘ yubordi. Bu yorlig‘ mening qo‘limga tushib qoldi. Undan o‘limga hukm qilinganimni bilib oldim. Bunga qarshi chora ko‘rish uchun quyidagi tadbirni ishlatdim. Barlos ulusining bahodir yigitlarini o‘z atrofimga to‘plab, ularni birlashtirdim. Menga bo‘ysunib ko‘makdosh bo‘lmoqlik uchun rozilik bergan birinchi kishi–Iygu Temur bo‘ldi, ikkinchisi–amir Jaku Barlos edi. Bulardan boshqa ulus bahodirlari ham jonu dillari bilan menga bo‘ysunmoqqa (va xizmat etmoqqa) ahd qildilar.
Movarounnahr aholisi mening bu ishimdan xabar topishi bilanoq, tezda mo‘g‘ullarga hujum qilishim kerakligi haqida istak bildirdilar. Chunki ularning qalbi zolim mo‘g‘ullar toifasidan butunlay bezgan edi. Movarounnahr aholisining kattayu kichigi men bilan birlashdi. Mamlakatning ulamo va mashoyixlari esa mo‘g‘ullar toifasini yo‘q qilish haqida fatvo yozib berdilar. Ulus amirlari va qo‘shun boshlikdarining ba’zilari ham bu ishga qo‘shilib, biz bilan birlashdilar. Bu to‘g‘rida yozilgan ahdnoma va fatvolarining nusxasi bu edi: «To‘g‘ri yo‘ldan boruvchi xalifalar[5], Olloh taolo ularning barchasidan mamnun bo‘lsun, tutgan yo‘llariga va qilgan ishlariga muvofiq Movarounnahrdagi butun axdi islom, sipohu raiyat[6] yoxud ulamoyu mashoyix, Amir Temurga izzatu ikrom ko‘rsatib, uni Amir Temur qutbi saltanati oliy deb atasunlar va uni Ollohning (erdagi) qudrati–saltanat taxtiga loyiq, deb bilsunlar. Musulmonlarning yer-suvi, nomusi, mol-mulki hamda joniga zulm-sitam qo‘lini cho‘zgan mo‘g‘ullar toifasini daf qilishda va umuman yo‘qotishda (Amir) Temurga (yordamlashish uchun) o‘z molu jonlarini (ayamay) tirishib harakat qilsunlar. Biz o‘z ahdu bay’atimizga[7] sodiq qolurmiz. Agar bergan ahd-paymonimizdan qaytsak, Ollohning qudratiyu quvvati va yordamidan chiqib, shayton qudratiyu yordami yo‘liga kirgan bo‘laylik».
Bu fatvoni menga ko‘rsatganlaridan keyin jangu jadal bayrog‘ini ko‘tarib, mo‘g‘ullar ustiga lashkar tortishga qaror qildim va mazlumlar haqini zolimlardan olib bermoqchi bo‘ldim. Lekin bir necha razil kishilar bu sirni fosh qilib qo‘ydilar.
(Shundan keyin) o‘ylanib qoldim. «Mabodo Samarqand shahri ichida mo‘g‘ullarga qarshi urush boshlasamu, biroq Movarounnahr ahli (jang qilishdan) qo‘l tortsachi? (Unda nima qilaman?) Yaxshisi, shahardan chiqib, Samarqand tog‘larida o‘rinlashay, toki menga qo‘shilishni istaganlar huzurimga kelsunlar. Shunda men katta sipoh to‘plab, mo‘g‘ullarga qarshi jangu jadalni boshlagayman»,–deb qaror qildim.
Samarqanddan chiqqanimda oltmish otlikdan boshqa bir kishi ham menga ergashmadi. Shundan bildimki, o‘ylagan kengashim xato bo‘lmagan ekan. O‘sha tog‘da bir haftacha kutib yotdim, (lekin) biron kishi bizga kelib qo‘shilmadi. Shuning uchun kengash tuzib Badaxshon[8] tarafiga o‘tib, u yerning shohlari bilan birlashishga qaror qildim. Otlanib, Amir Kulolning[9] huzuriga bordim. Ul zot menga Xorazmga borishimni maslahat berdi. Agar mo‘g‘ullar ustidan g‘alaba qozonsam, Samarqandning bir yillik xirojini[10] ul zotga nazr qilishni ko‘nglimga tugdim. U menga zafar tilab fotiha o‘qiganidan so‘ng, ketishimga ijozat berdi.
Amir Kulolning xizmatidan chiqqanimda, menga hammasi bo‘lib oltmish otliq hamroxdik qilardi. Ilyos Xoja mening Xorazmga yurish qilayotganimdan xabar topib, Xivaq[11] hokimi To‘kal bahodirga xat yozib, menga qarshi chiqishni va meni o‘ldirishni buyurgan ekan.
To‘kal bahodir ming otliq askar olib, mening ustimga keldi. Oltmish otliq yigitim hamda yo‘lda menga qo‘shilgan (qaynog‘am) Amir husayn bilan birga ming otlikdan iborat g‘anim lashkariga yuzma-yuz bo‘ldim va jangga kirishdim. Bu jangda shundayin bahodirlik qilib, matonat ko‘rsatdimki, uning ming kishisidan ellik kishi, mening oltmish otliq yigitimdan esa o‘n kishigina qoldi. Oqibat, baribir, zafar men tomonimda bo‘ldi. Zafar quchganim xabari Ilyos Xoja va Jeta amirlariga yetgach, ular (taajjublanib): «(Amir) Temur ajab er kishi ekan, unga Tangrining madadi yetib, baxtu iqboli ochilmish», deb o‘zaro so‘zlashibdilar. Men bu urushdagi zafarni yaxshilik alomati deb bildim. Mo‘g‘ullar mendan cho‘chiydigan bo‘ldilar.
[1] Ilyos Xoja – Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurning o‘g‘li. Otasi o‘lganidan keyin qisqa muddat Mo‘g‘uliston xoni (1363–65) bo‘lgan.
[2] Qachuli bahodir – barlos qabilasidan; Amir Temurning sakkizinchi ajdodi.
[3] Qabulxon – turk-mo‘g‘ullarning afsonaviy onasi Alonquvaning avlodi; Chingizxonning uchinchi ajdodi. (–A.А.)
[4] ...Mo‘g‘ullar – Mo‘g‘ulistondan (Jetadan), ya’ni Chig‘atoy ulusi-ning sharqiy qismidan Ilyos Xoja bilan birga kelgan mo‘g‘ullar nazarda tutilgan. Forscha matnda «o‘zbeklar» deb berilgan, ammo bu boshqa tarixiy manbalarga zid bo‘lib, tarixiy haqiqatga ham to‘g‘ri kelmaydi. (–A.А.)
[5] Matnda xulafo ar-roshidin (to‘g‘ri yo‘ldan borgan xalifalar)–Muhammad payg‘ambar vafotidan so‘ng islom jamoasiga rahbarlik qilgan to‘rt xalifa: Abu Bakr (632–634), Umar (634– 644), Usmon (644-656) va Ali (656-661).
[6] Raiyat–soliq to‘lovchi xalq.
[7] Bay’at–ahd-paymon, qasamyod.
[8] Badaxshon–tog‘li o‘lka, Panj daryosining ikkala qirg‘og‘i, Amudaryoning boshlanish qismi, Ko‘kcha daryosi va uning irmokdari havzasini egallagan. Hindistonga dengiz yo‘li ochilguncha, Badaxshon tranzit markazi sifatida muhim edi, chunki uning hududida Xitoydan Hindiston, Eron va Yevropaga boradigan karvon yo‘llari kesishardi. hozir Badaxshon ikkiga bo‘lingan: shimoliy qismi Tojikiston hududida, markazi Xorog; janubiy qismi Afg‘onistonda. (–A.А.)
[9] Bu yerda Shamsiddin Kulol nazarda tutilgan.
[10] Xiroj–er solig‘i va umuman daromad solig‘i uchun qo‘llanilgan atama; ayrim hollarda daromadning uchdan bir yoki uchdan ikki qismini tashkil etgan; «mol» deb ham atalgan.
[11] Xivaq–hozirgi Xiva shahri.
Samarqand XV asr boshlarida Osiyo va Yevropa xalqlarining Markaziy Osiyo orqali olib borgan keng ko‘lamdagi savdosining markazi bo‘lgan. Samarqanddan Kichik Osiyoga, O‘rta dengizga, Xitoyga va Hindistonga olib boruvchi jahon ahamiyatiga molik savdo yo‘llari o‘tgan. (Professor N.I. Leonov)