Birinchi navbatda, mazkur toifa va tabaqalardan bo‘lgan sayyidlar bilan ulamoni izzat-hurmat qilishni, har qanday istaklari bo‘lsa darhol muhayyo etib, muqarrar ravishda ularning ahvolidan xabardor bo‘lib turishni buyurdim. Agar sipohiylar toifasidan bo‘lsalar, xizmat o‘rinlarini belgilab, hol-ahvollariga yarasha ehtiyojlari ta’minlansin. Agar kasbu hunar va ma’rifat axdlaridan bo‘lsalar, bundaylarga saltanat korxonalaridan yumush berilsin. Bulardan boshqa bilagida kuchi bor faqir-miskinlar esa o‘z ahvoli va kasbu koriga qarab ish tutsinlar. Yana shunday amr qildimki, sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘, asbob (mehnat quroli) tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar bilan ta’minlansin va yordam berilsin.
Har toifa va har sinfdan kimki o‘z ixtiyori bilan sipohiylik xizmatiga kirishni istasa, uni harbiy (xizmat)ga olsinlar. Asil va shijoatli sipohiyzoda qaysi toifadan bo‘lmasin, unga o‘rin berib, xizmatiga va ishiga yarasha tarbiyat qilsinlar.
Yana amr etdimki, uzoq-yaqindan biron kishi kelib, mening majlisimga kirar ekan, qaysi toifadan bo‘lsa ham, davlatim dasturxoni ne’matidan uni mahrum qilmasinlar.
Kimki huzurimga kiritilsa va ko‘zim unga tushsa, holiga yarasha hurmatlab, sovg‘a-salomlar bilan kuzatsinlar. Har qanday odam mening adolat devonimdan panoh topgan ekan, gunohi bo‘lsa ham, uni kechirsinlar. Ikkinchi, uchinchi marta yana gunoh yo‘liga kirsa, u holda gunohiga yarasha jazolasinlar.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)