Amr qildimki, vazirlar ushbu to‘rt sifatga ega kishilardan bo‘lishlari lozim: birinchisi–asillik
va toza nasllik, ikkinchisi–aql, farosatlilik, uchinchisi–sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalalik, to‘rtinchisi–sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik.
Kimki shu to‘rt sifatga ega bo‘lsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq kishi deb bilsinlar. Uni vazir yoki maslahatchi etib tayinlasinlar. Mamlakat ishlarini, sipoh va raiyat ixtiyorini unga topshirsinlar. Bunday vazirga to‘rt imtiyoz–ishonch, e’tibor, ixtiyor va qudrat berilsin.
Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi. Olgulik joyidan olib, bergulik yerga beradi. Ruxsat etuvchi va taqiqlovchi buyruqlarida uning asilligi bilan toza naslligi ko‘rinib turadi. (Hech kimga) dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Xoh sipohdan, xoh raiyatdan bo‘lsin, har kimning nomini yaxshi so‘zlar bilan tilga oladi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi. Agar birovdan yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, unga nisbatan shunday muomala qiladiki, u (oxiri) yomonligidan qaytadi. O‘ziga yomonlik qilgan odamga nisbatan shunday yaxshilik qiladiki, u (oxiri) oldiga bosh egib keladi.
Qaysi vazir g‘iybat gaplarni aytsa, uydirma gaplarga quloq solsa, jabr-zulm qilsa, o‘ziga yoqmagan kishilarni yo‘qotish payiga tushsa, uni vazirlikdan tushirish lozim. Nasliyu zoti past, hasadchi, gina-kek saqlovchi, qora ko‘ngilli kishilarga zinhor vazirlik lavozimi berilmasin. Buzuqi, qora ko‘ngilli, zoti past odam vazirlik qilsa, davlatu saltanat tez orada qulaydi. Masalan, Malikshoh Saljuqiy[1] o‘z vaziri Nizomulmulkni[2] martabasidan tushirdi. Vazir boshdan-oyoq yaxshi sifatlarga o‘ralgan edi. Uning o‘rniga zoti past, yomon bir kishini vazir qilib tayinladi. Bu shumqadam vazirning qabih ishlari, zulmu sitami va nafsi buzukdigi kasofatidan saltanat binosi buzila boshladi. Shunga o‘xshash yana bir misol. Abbosiylardan xalifa Musta’sim Billoh[3] hasadchi, gina-kuduratchi Ibn Alqamiyni o‘ziga vazir etib tayinladi. U ko‘nglida xalifaga nisbatan gina-kudurat, dushmanligi bor bo‘lgani uchun, xalifani munofiqona gaplar bilan aldab, o‘zi esa huloguxon bilan til biriktirib, uni xalifalik tepasiga olib keldi. Xalifa Musta’simni esa qo‘lga olib, o‘limga mahkum etdi. Shuni e’tiborga olib, asli toza, nasli pok, ulug‘ zotlardan bo‘lgan, yaxshi ravishlik kishilardan topib, vazir qilinglar. Chunki asli toza kishi xatolikka yo‘l qo‘ymaydi, badasl esa (hukmdoriga) vafo qilmaydi.
Qaysi vazir soflik, to‘g‘rilik bilan vazirlik ishiga kirishib, davlatning moliya mulki ishlarini diyonat, savob bilan, nafsi buzukdik qilmay, omonatga xiyonat etmay bajarar ekan, unday vazirni eng oliy martabalarga yetkazsinlar. Qaysi vazir buzuqlik qilib, yomonlik yo‘li bilan mamlakat ishlarini yurgizar ekan, ko‘p o‘tmay unday saltanatdan xayru barakot ko‘tariladi.
Dono vazir shuldirki, o‘z o‘rniga qarab, goh qattiqqo‘llik, gohida esa muloyimlik bilan ish yuritadi. Bunday vazir ortiqcha qattiqqo‘llik ham qilmaydi, ko‘p muloyimlik bilan yumshab ham ketmaydi. Agar kup muloiimlik qilsa, dunyotalab, tamagir odamlar uni yutib yuboradilar. Agar ortiqcha qattiqqo‘llik ishlatsa, undan qochadilar va unga boshqa murojaat qilmaydilar. Demak, dono vazir shuldirki, saltanat korxonasining ishlarini eng to‘g‘ri chorayu tadbirlar qo‘llab, yaxshi anglagan holda amalga oshirib, davlatni tartib-intizomga keltiradi. Saltanat ishlarini sabr-toqat, chidam bilan ado etadi, muammolarni o‘z o‘rnida qattiqqo‘llik, o‘z o‘rnida muloyimlik bilan hal qiladi. Bu xildagi vazirni davlat sherigi deb bilsinlar, chunki davlatu saltanat uch narsa: mulk, xazina va lashkar bilan tikdir. Dono vazir bularning har uchalasini tadbirkorlik bilan yaxshi ahvolda, saranjom tutadi. Jami yaxshi xulkdar sohibi bo‘lgan vazir aziyat yetganda ham hech kimga ko‘nglida gina-adovat saqlamaydi. Agar ginayu kek sakdab, dushmanlik qilarkan, bunday vazir munofiqdir. Unday vazirdan ehtiyot bo‘lish kerak, chunki u davlat dushmanlari bilan til biriktirib, xazinani va lashkarni xarob qiladi. Akdli vazir ulki, bir qo‘li bilan raiyatni, ikkinchi qo‘li bilan esa sipohni tutadi. Olgulik joydan olib, bergulik joyga beradi. Sergaklik va ehtiyotkorlikni qo‘ldan qo‘ymaydi. To‘g‘rilik va rostlik bilan muomalada bo‘lib, har ishning oqibatini o‘ylab ish tutadi. Davlat foydasini ko‘zlagani uchun, birovga dushmanlik qilishni ko‘ngliga keltirmaydi. Tajribali, ishbilarmon va bilimdon vazir shunday bo‘ladiki, mamlakat obodonligini, raiyat va sipohning tinch-farovonligini, xazina boyligini doim ko‘zda tutadi. Davlat, saltanatga foyda keltiradigan ishlarni bajarishga tirishib, harakat qiladi. Saltanatga zarar yetkazadigan xatarli ishlarni bartaraf qilishda molu jonini ayamaydi. Sipohu raiyatga tegishli muhim ishlarni yaxshilik yo‘li bilan, to‘g‘ri tadbir ishlatib, amalga oshiradi. Yaxshi xulkdi vazir shulki, uning ezgu ishlari yomon fe’l-atvoridan ustunlik qiladi.
Eshitishimcha, Nizomulmulkning ozgina yomon qilmishlarini ko‘plab xayrli ishlari mag‘lub etgan edi. U hajga bormoqchi bo‘lib turgan vaqtida avliyolardan biri unga debdi: «Malikshoh davlatining xizmatida bo‘lib, amalga oshirayotgan xayrli ishlaring va Tangri taoloning bandalariga yetkazib turgan yordaming haj qilish bilan barobardir».
Yana eshitganmanki, Ali ibn Laqatiy xalifa horun ar-Rashidning vaziri edi. Undan Tangri taoloning bandalariga ko‘p nafu foyda yetardi. Kunlardan bir kuni u o‘z ixtiyori bilan vazirlikni tark etmoqchi bo‘libdi. O‘shanda din peshvolaridan biri unga shunday deb yozibdi: «Sen xalifa dargohida mulozimlik qilib, vazirlik ishini bajarib turaver. Bu ishni tashlashni o‘ylamagin ham, chunki (bu martabada turib) xalqqa yetkazayotgan yordaming va nafing, sen qilgan butun ishlaringu harakatlaringning eng oliysidir».
Yana shuni eshitdimki, hazrati payg‘ambarimizdan, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, so‘rabdilar: «Agar siz nabiy va rasul etib yuborilmaganingizda, qaysi ish bilan mashg‘ul bo‘lardingiz?» Ular shunday deb javob bergan ekanlar: «Sultonlar xizmatida bo‘lishni ixtiyor etib, Tangri taoloning bandalariga foyda va yaxshilik yetkazardim».
Shu sababdan, xalqqa yordamu madad berish maqsadida, men ham Tug‘luq Temurxonning o‘g‘li Ilyos Xojaga vazirlik hamda sipohsolorlik qilishga rozi bo‘lgan edim. Tangri taoloning bandalariga yordam qilganimdan bo‘lsa kerakki, Olloh taolo meni saltanat martabasiga yetkazdi.
Tadbirkorlik va qilich vositasi bilan biror mamlakatni zabt etgan yoki (himoya etib) sakdab qola olgan vazirni e’zozlab, izzat-ikrom etsinlar. Uning martabasini oshirib, uni «qilich va qalam sohibi» deb atasinlar.
Aqlli, bilimdon va hushyor vazir shunday bo‘ladiki, bir to‘g‘ri tadbir qo‘llab g‘anim qo‘shinini parokanda qilib yubora oladi. Murosayu madora, xushmuomalalik bilan sipohni birlashtirib, dushman lashkarini o‘ziga rom qiladi. Bunday vazir valine’matning soqchisi bo‘lib, podshosining boshiga tushgan muhim va mushkul ishlarni tadbirkorligi hamda uzoqni ko‘ra bilishi bilan osonlashtiradi. Agar saltanat ishlarida chigil-jumboq uchrasa, aqlu farosat barmog‘i bilan uni yechib yuboradi. Chunonchi, Alibek Joniqurboniy meni band etgach, burga to‘la uyga qamab qo‘ydi. Vazirlarimdan Azizuddin Termizdan yurish qilib, menga yordam berish uchun yetib keldi, (tadbir ishlatib) Alibekni uxlatib qo‘ydi. Bu ishi bilan uning ko‘zini mendan berkitib, quvvat bag‘ishladi. Shijoat va mardligim tutib, qo‘limdagi qilich zarbi bilan ko‘p soqchilar orasidan qutulib najot topdim. Shunga o‘xshash Nizomulmulk ham Sulton Malikshohni qaysar bandidan xalos etgan edi[4].
Shunday bo‘lgach, bunday vazirni davlat sherigi deb bilib, aziz tutsinlar, zinhor uning so‘zidan chiqmasinlar. U nima degan bo‘lsa bari akd ko‘zgusidir.
Agar podshoh zolim bo‘lib, vaziri odil bo‘lsa, podshohning jabr-zulmini (to‘xtatish) chora-tadbirini ko‘radi. Lekin vazir zolim bo‘lsa, saltanat ishlari tez muddatda inqirozga uchraydi.
[1] Malikshoh Saljuqiy (1055–1092) – Saljuqiylar sulolasidan (1038–1194) chiqqan va Jaloliddin Malikshoh I nomi bilan mashhur podshoh. 1072–1092 yillari hukmronlik qilgan.
[2] Nizomulmulk, Abu Ali al-hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiy (1018–1092) – Saljuqiy sultonlardan Alp Arslon (1063–1072) va Malikshoh I (1072–1092)ning bosh vaziri. Nizomulmulk «Siyosatnoma» nomli katta tarixiy asari bilan ham mashhur.
[3] Musta’sim Billoh–Abbosiylar sulolasiga mansub Bag‘dod xalifalarining so‘nggi vakili. 1242–1258 yillari hukmronlik qilgan.
[4] Saljuq sultoni Malikshoh davrida «qaysar» iborasi faqat Vizantiya imperatoriga nisbatan ishlatilgan. Bu sultonning imperatorga asir bo‘lgani tarixiy manbalarda tasdikdanmaydi. (–А.А.)
Amir Temur ko‘p vaqtni shatranj o‘yini ustida o‘tkazgan. U o‘z davrining mashhur shatranjchilari bilan bemalol bellasha olgan. (Xilda Xukxem)