Menga ergashganlar soni oltmish otliqqa yetib qolgandan keyin o‘zimcha o‘yladim: «Agar kelgan manzilda turaversamu, mabodo yerlik aholi menga qarshi qo‘zg‘alib, mo‘g‘ullarga xabar berib qo‘ysachi? Yaxshisi, bu yerdan ketib, el oyog‘i yetmagan yerga borib joylashsam, tez fursatda atrofimga saltanatimning kuch-qudrati bo‘la oladigan qo‘shin to‘planar». Shu fikrda u yerdan ko‘chib, Xuroson tomonga yuzlandim. Yo‘l ustida Moxon[1] hokimi Muborakshoh Sanjariy yuz otliq askari bilan kelib, menga qo‘shildi va yaxshi otlar tortiq qildi. U yerning jami sayyidlari va aholisi ham menga qo‘shildi. O‘sha sahroda otliq, yayov bo‘lib ikki yuzga yaqin kishi yonimga kirdi. Shu payt Muborakshoh, sayyid hasan va sayyid Ziyouddin menga arz qildilar: «Bu sahroda turaverish (qo‘shin) tarqab ketishiga bois bo‘lur, biror tomonga yurib, biron viloyatni egallashimiz kerak». Men o‘z-o‘zim bilan kengashib, so‘ng ularga aytdim: «Xotiramga bir fikr keldi. Samarqand tarafga boraylik. Sizlarni (vaqtincha) Buxoro atrofidagi joylarga tarqatib turaman, o‘zim esa Samarqand tevaragiga borib, el-ulus orasiga kiraman va ular bilan ittifoq tuzaman. yetarli lashkar to‘plab, sizlarni chaqirib olaman. Keyin Jeta va Ilyos Xoja lashkariga qarshi jangga otlanib Movarounnahr mamlakatini qo‘lga kiritamiz».
Ularning hammasi mening bu kengash va tadbirimni to‘g‘ri deb topdilar. So‘ngra yurishga fotiha o‘qib, yo‘lga tushdim. Ikki yuz odamimni Buxoro atroflariga tarqatdim. Amir Xusaynning singlisi O‘ljay Turkon oqani ham yashirincha o‘sha yerda qoldirdim va o‘zim Samarqand tomon yo‘l oldim. Yo‘lda Tamuka qavchin[2] o‘n besh otlig‘i bilan menga qo‘shildi. Sirimni unga aytib, Muborakshoh oldiga yubordim. O‘zim yashirincha ulus oralab, ikki mingga yaqin kishini ittifokdosh qildim. Samarqand uzra saltanat bayrog‘ini ko‘targudek bo‘lsam, ular yordamga keladigan bo‘ldilar.
Tunda pinhona Samarqandga kirdim va opam Kutlug‘ Turkon oqaning uyiga borib joylashdim. Kechayu kunduz fikr og‘ushida chora-tadbir izladim. Shu tariqa qirq sakkiz kun yashirinib yotdim. Oxiri shaharliklardan bittasi mening bu yerga kelganimni payqab qoldi. Sirim ochilishiga oz qolganda, nochor, kechasi birga kelgan ellik otliq bilan Samarqanddan chiqib, yana Xorazm tomon yo‘l oldim.
Men bilan bir to‘p piyoda kishilar ham bor edi. Yo‘lda turkmanlarga qarashli yilqidan bir nechta otni qo‘lga kiritdim va piyodalarimni ularga mindirdim.
(Ko‘p vaqt) yo‘l yurib Amudaryo bo‘yidagi Achig‘i degan o‘nqir-cho‘nqir yerga kelib tushdik. Shu yerga kelganimda, Buxoro tevaragida qoldirgan haram ahli, Muborakshoh, Sayyid hasan va boshqa jamoa ham yetib kelib, menga qo‘shildilar. Temur Xoja O‘g‘lon, Bahrom Jaloyir ham o‘zlariga qarashli qo‘shin bilan kelib, menga mulozim bo‘ldilar. (Shu tariqa), mingga yaqin otliq askar atrofimga jamlandi. Shu yerda kengash qilib, Boxtarzamin[3] bilan qandahor[4] tomonlarga ravona bo‘lishga va u yerlarni tasarrufimga kiritishga qaror qildim.
Amir Temur san’atni yuksak qadrlar edi. Uning o‘zi badiiy asarlar majmuasiga ega edi. Turli toifadagi mashshoqlar, suxandonlar, xaykaltaroshlar. bog‘bonlar, rassomlar jahonning har xil davlatlaridan Amir Temur saroyiga to‘plangan edilar. (Xilda Xukxem)