Boxtarzamin va Qandahor tomon ketayotib, hirmand[1] daryosining bo‘yiga yetganimda to‘xtab bir yurt[2] yasattirdim. Askarlarimni dam oldirish uchun bir necha kun o‘sha daryo bo‘yida turdim. Shu vaqt Garmsir[3] viloyatining aholisi bilan sipohidan qariyb ming otliq turk va tojik ham menga (kelib) qo‘shildi. Shu tariqa Garmsir viloyati mening tasarrufimga kirdi.
Shunda Seyistonga[4] turktoz qilishga qaror qildim. Bu xabar Seyiston voliysiga yetgach, elchi orqali sovg‘a-salomlar yuborib, mendan yordam so‘radi: «Dushmanlarim menga zulm qilib, qo‘limdan yetti qal’amni tortib oldilar. Agar mendan dushman qo‘lini qisqa qilsalar, askarlariga olti oylik oziq-ovqat yetkazib berardim».
Uzimcha kengashib ko‘rib, Seyiston tomonga lashkar tortishni ma’qul topdim. Dushmanlar egallab olgan yetti qal’adan beshtasini kuch va qahr bilan olganimni ko‘rib, Seyiston voliysining yuragiga qo‘rquv tushdi va kechagi dushmanlarini endi o‘ziga do‘st tutib, o‘zaro bunday kengash qildilar: «Agar Amir Temur bu yerlarda turib qolar ekan, Seyiston mulki qo‘limizdan ketishi anikdir», deyishib, butun Seyistonning sipohi va raiyati barchasi birlashib, mening ustimga bostirib keldilar.
Seyiston voliysi va’dasiga vafo qilmagani uchun ilojsiz qolib, ularga qarshi jangu jadalga kirishdim. Shu payt bir o‘q kelib tirsagimga qadaldi, yana bir o‘q oyog‘imga tegib yaraladi[5]. (Shunday bo‘lsa ham) oxiri ular ustidan g‘alaba qozondim. (Lekin) o‘sha mamlakatning ob-havosini mizojimga muvofiq ko‘rmay, u yerdan ko‘chib, yana Garmsirga bordim. O‘sha viloyatda yaralarim bitguncha ikki oy turib qoldim.
[1] Hirmand–hozirgi Afg‘onistonning janubidagi hilmand daryosi.
[2] Yurt–bu yerda qarorgoh ma’nosida.
[3] Garmsir (forscha–issiq o‘lka)–Seyiston va Balujistonning tutash yerlari. (–A.А.)
[4] Seyiston–hozirgi Eronning janubi-sharqida va Afg‘onistonning janubi-g‘arbida joylashgan o‘lka. 1872 yili Eron va Afg‘oniston orasida bo‘lingan. Hilmand daryosigacha bo‘lgan qismi Eronga, undan sharqi Afg‘onistonga o‘tgan.
[5] Bu jang 1362 yilda bo‘lgan. Unda Amir Temur o‘ng qo‘lining tirsagidan va o‘ng oyog‘idan kamon o‘qi bilan yaralangan. Keyinchalik buning natijasida oqsokdanadigan bo‘lib qolgan.
Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda bo‘lar va bilimi bilan halloligini ko‘rgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va ma’muriy sohada bilimdon bo‘lgan kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur o‘zidagi kishilarni bo‘ysundirish qobiliyatiga ularni o‘z hukmronligi ostida baxtiyor qilish iste’dodini ham qo‘shgan edi. (Lui-Matyo Langle)