O‘z-o‘zimga dedim: «Agar Jeta lashkari bilan jang qilsam, ular ko‘p sonli bo‘lgani tufayli mabodo mening lashkarimga zarar yetsachi?» Lekin shu zahotiyoq g‘ayratim jo‘shdi: «Saltanat da’vo qilib xuruj qilgan ekansan, saltanat sha’ni va martabasiga loyiq ish shuki, jangga kirib, yo zafar quchib g‘olib bo‘lgaysan, yoxud o‘ldirilgaysan»,–dedim (o‘zimga-o‘zim).
Shunday azimat qilganimda g‘animlar uch favjga bo‘linib, urushtalab bo‘lib turganlarini ko‘rdim. Men o‘z lashkarimni yetti favjga bo‘ldim. yetti favjimni ketma-ket dushman ustiga tashlab turishni maslahat ko‘rdim. Jangu jadal o‘ti baland ko‘tarilgach, amr qildimki, hirovul[1] favjlari pistirmadan turib g‘animga o‘q yog‘dirsin. Shiqovul[2] va Chopovul[3] favjlariga esa g‘animning chap qo‘liga hujum qilishni buyurdim. O‘zim
bo‘lsa Javong‘or[4] va Barong‘or[5] favjlari bilan harakatga keldim. Birinchi va ikkinchi hamlaning o‘zidayoq Jeta lashkari amir ul-umarosi Abu Sa’idning favjini yengdim. Shu payt Haydar Andxudiy va Mengli Bug‘a jang maydoniga tushdilar. Ularga qarshi men o‘zim yuzma-yuz chikdim va birinchi hamladayoq har ikkalasini ham chekintirdim. Jetaning tamomi lashkari yengilib, sochilib ketdi.
[1] Hirovul – lashkarning ilg‘or qismi ketidan boruvchi bo‘linma lashkarning markaz, qanotlari oldida turuvchi old qo‘shinlar.
[2] Shiqovul(shshovul)–lashkar qanotlarini qo‘rikdab turuvchi maxsus bo‘linma. (–A.А.)
[3] Chopovul–harbiy yurishlar paytida va qamal janglari vaqtida tevarak-atrofdagi qishlokdarga to‘satdan bosqin uyushtiruvchi harbiy qism. (–A.А.)
[4] Javong‘or–lashkarning so‘l qanoti.
[5] Barong‘or–lashkarning o‘ng qanoti.
Amir Temur olimlarga xayrixoh munosabatda bo‘lar va bilimi bilan halloligini ko‘rgan olimlarga ishonar edi. U tarixchi va faylasuflar, ilm-fan va ma’muriy sohada bilimdon bo‘lgan kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtidan ham tushar edi. Amir Temur o‘zidagi kishilarni bo‘ysundirish qobiliyatiga ularni o‘z hukmronligi ostida baxtiyor qilish iste’dodini ham qo‘shgan edi. (Lui-Matyo Langle)