Jeta lashkari amirlari ustidan g‘alaba qozonganimdan keyin, saltanat da’vosi bilan xuruj etganligim haqida Turonzaminda xabar tarqaldi. Shunda men adolat bilan hukmronlik qilishga azmu jazm etdim. Saltanatimni mustahkamlash uchun, to‘plagan xazinamdagi naqd pullar va (qimmatbaho) buyumlarni sipohga taqsimlab berishga va dastavval qahlaqa qal’asini[1] olishga qaror qildim.
Lashkarga ozuqa berib, so‘ng ularni safga tizdim va Jayhun daryosi bo‘yiga kelib tushdim. Termiz kechuvidan o‘tib, qahlaqa qal’asi tarafiga qorovullar jo‘natdim. O‘zim Jayhun bo‘yida bir necha kun turdim va qorovullar olib keladigan xabarni sabrsizlik bilan kutdim.
Mening kelganim haqidagi xabar Ilyos Xojaga yetgach, Bekkichikning inisi Alachun Bahodirni katta qo‘shin bilan ustimga yubordi. qorovullarim g‘aflat uyqusida qolgan ekanlar, ularning yonidan o‘tib, bildirmay, tun qorong‘usida to‘satdan ustimga hujum qilib keldilar.
Qarorgohim uch tomoni suv bilan o‘ralgan yarim orolda joylashgandi. Yarim orol tashqarisida qurilgan bir necha chodir Jeta lashkari tomonidan talon-toroj qilindi. Omon qolgan askarlar yarim orolga ko‘chib o‘tdilar. Men bo‘lsam jangga shaylanib, tezlik bilan yarim orolning kirish qismiga bordim. Dushman mendan qo‘rqqani sababli urushga botinib kirolmadi. O‘n kungacha shu yarim orolda turdim. So‘ng u yerdan chiqib, suv bo‘ylarida olachuqlar[2] tiktirib, Jeta lashkarining qarshisida bir oy davomida kuzatib turdim. Oxiri g‘animni qo‘rquv bosib, orqasiga qaytib ketdi. Men suvdan o‘tib, ularning manziliga tushdim va dushman orqasidan ta’qib kdlish uchun bir favj askar jo‘natdim.
[1] Qaxushqa qal’asi (Darbandi Ohanin)–Boysundan (Surxondaryo viloyati) g‘arbda Sarimas tizmasidagi tor dara, forscha «Darbandi Ohanin» (Temir darvoza), qadimgi turkiy tilda: «Temir qapug‘» («qapug‘»–darvoza), arabcha «Bob ul-hadid» (Temir darvoza), mo‘g‘ulcha «qahlaqa» deyilgan.
[2] Olachuq–shu nomli sholcha turidan yasalgan kapa yoki chodir.
Amir Temurning aqliy qobiliyatlari va qiziqishlari ko‘lami kishini ayniqsa hayratga soladi. Uning humdorligi bitilgan tarixlarda tibbiyot, astronomiya va ayniqsa, arablar, forslar va turkiylar tarixi sohasidagi bilimlari madh etiladi. U zavq bilan olimlarning munozaralariga kirishib, ko‘pincha g‘olib chiqardi... (V.F. Mans)