Jeta lashkarini mag‘lubiyatga uchratganimdan keyin, Badaxshon viloyatiga borib, uni egallashga, (bu bilan) saltanat ishlariga rivoj berishga qaror qildim. (Shu niyatda) daryo bo‘yidan ko‘chib Xulm[1] degan joyga tushdim.
(Shu yerda) amir Qazag‘anning[2] nabirasi va qaynog‘am bo‘lmish amir Husayn bilan uchrashdim. Uning sharafiga ziyofat berdim. So‘ngra u bilan kengashib, Badaxshonga borishga qaror qildim.
Qunduzga[3] yetib borgach, burulday[4] elining sardorlari menga kelib qo‘shilmagunlaricha o‘sha yerda kutib turdim. Kelishgach, ularning har biriga faxrli xil’atlar kiygizib, ko‘ngillarini ovladim.
Ko‘shinimning jangga hozirligi haqidagi xabar Badaxshon shoxdariga yettach, urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. O‘zimcha mushohada qilib, dushman lashkar to‘plab ulgurmasdan burun epchillik, uddaburonlik bilan zarba berib, ularni to‘zitib yubormoqchi bo‘ldim. (Shuning uchun) yurish qilib, Talliqonga[5] yetib keldim.
Talliqonga kelganimdan Badaxshon shoxdari xabardor bo‘lgach, tinch yo‘l tutib, menga mulozim bo‘lishni ixtiyor qildilar. Qo‘llagan tadbirimdan ko‘nglim to‘ldi va xato qilmaganligimni angladim. Mening saltanatim butun Badaxshon viloyatiga yoyildi. Badaxshon sipohlarining aksariyati tamom xizmatimda bo‘lishni ixtiyor etdilar.
[1] Xulm–Afg‘onistonning shimoliy qismidagi shahar; hozir shu nomdagi shaharcha, shimol-janub va sharq-g‘arb yo‘nalishidagi xalqaro savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan.
[2] Amir qazag‘an (1346–1358)–Chig‘atoy ulusining qudratli amiri, 1346 yili qarshi yaqinida bo‘lgan jangda qazanxonni yengib, hokimiyatni qo‘lga olgan. 1358 yili fitna qurboni bo‘lib, ov paytida o‘ldirilgan.
[3] Qunduz–Afg‘onistonning shimoliy qismida joylashgan qadimgi shahar (qadimgi nomi Valvolij), ma’muriy-siyosiy markaz. hozir shu nomdagi shaharcha.
[4] Burulday–bu yerda jaloyir qabilasiga qarashli el haqida so‘z yuritilmoqda.
[5] Talliqon (Tayxon)–hozirgi Afg‘onistonning shimolidagi qadimgi shahar. O‘tmishda Toxariston davlatining poytaxti. O‘rta asrlarda yana ikkita Talliqon mavjud bo‘lgan: ulardan biri–hirotdan g‘arbrokda, ikkinchisi–Kaspiydan janubi-g‘arbda joylashgan edi.
Barcha buyuk sarkardalar singari Amir Temur ham o‘z askarlarining mashaqqat va zafarlarini baham ko‘rardi. Ulardan qat’iy intizomni talab qilar, lekin majruhligiga qaramay, ularga bosh bo‘lib jang qilar edi. Hech vaqt o‘z jangchilarini yolg‘iz qoldirmas edi. U lavozimi, boyligi, irqi, dinidan qat’i nazar, barcha uchun adolat bir bo‘lishini nihoyatda sinchkovlik bilan kuzatib borar edi. ...Bunday hukm chiqarish odati, o‘z davri eng yaxshi sarkardasining jasorati va shuhrati singari, uning jangchilar o‘rtasidagi e’tibori va ta’sirining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. (Keren Lyusen)