Badaxshon shohlari mening itoatimga kirgach, Xuttalonga[1] qarab yurdim. Bu mamlakatga kelsam, qaynog‘am amir Husaynning qo‘rsligidan Po‘lod Bug‘a va Sher Bahrom undan ajralib, o‘z ulusiga ketib qolishgan ekanlar.
Bu yerdan ko‘chib, Dashti ko‘lank[2] jilgasiga borib tushdim, (u yerdan) Jeta va Ilyos Xoja lashkarlari ahvolini bilib kelish uchun ayg‘oqchilar jo‘natdim. Ular o‘n kundan keyin xabar keltirdilarkim, Jeta amirlari: birinchisi–Kuch Temur Bekkichik o‘g‘li, ikkinchisi–Temur No‘bkon, uchinchisi Sariq bahodir, to‘rtinchisi–Shingum, beshinchisi–hojibekning inisi Tug‘luq Xoja yigirma ming otliq askar bilan Xalotiy[3] va Puli sangin[4] oralig‘ida turgan emishlar.
Ular men turgan yer va lashkarim qay ahvolda ekanligini bilib kelish uchun oldimga elchi jo‘natdilar. (Elchini chalritish maqsadida) lashkarimni ikki marta qayta-qayta uning oldidan o‘tkaztirdim, so‘ng elchiga ruxsat berdim.
(Keyin) kengashib, uning ortidan ketma-ket (qo‘shin tortib) borishga qaror qildim. Lekin lashkarim bu borada men bilan hamjihat bo‘lmadi. Lashkarimni atrofimga birlashtirmoq uchun ba’zilariga muruvvat, mehribonlik qildim; boshqalari bilan kelishishga intildim, yana bir guruhini esa molu dunyo bilan o‘zimga qaratib olmoqchi bo‘ldim. Yaxshi so‘z, ahdu paymon va va’dalar bilan qolganlarining ko‘ngliga tasalli berdim.
Shu payt xabar keldikim, ilgari mening navkarlarim bo‘lgan Tug‘luq Sulduz va Kayxusrav Jetaning olti ming otliq askariga boshchilik qilib, mening ustimga kelmokda emishlar. Bu xabar lashkarim o‘rtasida tarqalgach, ularning ittifoqsizligi yanada kuchayib, sarosimaga tushib qoldilar. Lekin amir Jaku, Iygu Temur, amir Sulaymon va amir Jaloliddin mening yonimda qoldilar.
[1] Xuttalon–Panj daryosining o‘ng sohilidagi viloyat, hozir Tojikistonning Xatlon viloyati. Nomi qadimgi arab va fors manbalarida Xuttal yoki Xuttalon shakllarida yozilgan.
[2] Dashti ko‘lank–Xuttalon yaqinidagi mavze.
[3] Xalotiy–aslida hul’atu bo‘lsa kerak. hisor viloyatiga qarashli mavze.
[4] Puli sangin–lug‘aviy ma’nosi «tosh ko‘prik», hisor vodiysida Surxob daryosining irmog‘i Obi hingou daryosida qurilgan.
Amir Temur san’atni yuksak qadrlar edi. Uning o‘zi badiiy asarlar majmuasiga ega edi. Turli toifadagi mashshoqlar, suxandonlar, xaykaltaroshlar. bog‘bonlar, rassomlar jahonning har xil davlatlaridan Amir Temur saroyiga to‘plangan edilar. (Xilda Xukxem)