Amir Jaku, Iygu Temur, amir Sulaymon, amir Jaloliddinlarni xilvatroq yerga chorladim va ular bilan kelishib, o‘zimga yanada yaqin tutdim, «Davlatimga sherik bo‘lasizlar», dedim. Bu bilan (ularning dilida) o‘zlariga ishonch va menga xizmat qilish uchun qat’iyat tuyg‘ularini uyg‘otdim. Shunga o‘xshash, men bilan ittifoqi buzilgan toifadagi boshqa amirlarni ham birma-bir xoli joyga chorlab, har qaysisi bilan alohida gaplashdim. Bulardan mol-dunyoga hirs qo‘ygan ochko‘z va tamagirlariga mol-ashyo va’da qildim, mansab-martabaga, mamlakatlarni boshqarishga ko‘z tikkan amalparastlarga qo‘lga kiritgan mamlakatlar, viloyatlardan birining hokimligini berdim.
Ularning hammasini umid va qo‘rqinch orasida saqladim. Har biriga bittadan noib va kutvol[1] tayinladim. Qolgan sipohiylarni ham yemak-ichmak, kiyim-kechak umidi, shirin so‘z, ochiq yuz bilan o‘zimga rom etdim. Bir xizmatini o‘n barobar qilib taqdirlab, dillarini xushnud ayladim. Natijada meni qo‘llab-quvvatlaganlar ham, teskari bo‘lgan munofikdar ham barchasi atrofimda birlashdi. Har ishda birlik-ittifoqliqni mahkam tutishga, amrimdan chiqmaslikka va’da berib, men uchun mol-jonlarini ayamay, maydonda jonbozlik ko‘rsatishga ahd qildilar.
Lashkardan ko‘nglim tinchigach, Ilyos Xojaga qarshi jangga hozirlik ko‘ra boshladim. Uni daf etish va (u bilan) qay yo‘sinda urush olib borishim haqida kengashdim, g‘animlar xabar topib ulgurmasdan, chapdastlik bilan ularning ustiga qo‘qqisdan bosqin qilishga qaror berdim. Bu xususda Kur’oni majiddan fol ochib qarasam, ushbu oyati karima chiqdi: «qanchadan-qancha kichkina guruhlar Ollohning izni bilan katta guruhlar ustidan g‘alaba qozongan»[2].
Ushbu bashoratni topganimdan keyin lashkarimni tartibga keltirdim. Uni yetti favjga bo‘lib, yo‘lga tushdim. Tong yorisha boshlaganda (Ilyos Xojaning) hirovuli bo‘lmish Tug‘luq Sulduz va Kayxusravga yetishdim. Ikki hamla bilan ularni yengdim va (ularni) Ilyos Xoja joylashgan Puli sangingacha quvib bordim. Oqshom tushgach, yetgan yerimizda to‘xtadik. Jang maydoni sovib qolmasdan, qizig‘ida Ilyos Xojaning qariyb o‘ttiz minglik lashkari ustiga to‘satdan bosqin qilishga qaror qildim. Bordiyu (yurishni) to‘xtatsam va biron korhol yuz bersa, uning ilojini topish uchun (o‘zgalarning) ko‘magiga muhtoj bo‘lib qolishim mumkinligi to‘g‘risida o‘y surdim. Orqadan amir Xusayn (lashkari bilan) meni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi, biroq men o‘zimni uning yordamiga muhtoj bo‘lib qolish darajasiga yetkazmadim. To‘g‘ri chorayu tadbir ishlatib, Ilyos Xoja lashkarini yengdim.
Deyarli bartaraf etib bo‘lmaydigan ikki g‘ov, bizning taassub va tarixning yanglishiligi - bizning Amir Temurni bilishimizga va baholashimizga monelik qildi. Biroq ko‘pgina mualliflarning o‘z salnomalarida uni soxta bayon etganliklari muhim emas, axir uning nomi millatlar voqeanomalarida o‘chmas yozuvlarda qayd etilmaganmi?! Axir, avlodlari foydalanib kelgan zafarlari uning buyuk zakovatini isbotlash uchun yetarli emasmi? (Lui-Matyo Langle)