Sulton Mahmud[1], Malluxon[2] ikkisi ellik ming otliq va piyoda askar, 120 zanjirband fil bilan Dehli qal’asini mustahkamlab, menga qarshi jangga shaylandilar. Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi. Bordiyu Dehli qal’asining qamaliga kirishsam, bu ish uzoq muddatta cho‘zilib ketsa, (unda nima qilaman?) Kengashni shundan topdimki, g‘anim lashkari dadillanib, (qal’adan) chiqib, saf tortib jang maydoniga kirishi uchun, o‘zimni kuchsiz va (qo‘rqqandek) qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Shu sababdan, lashkardan uzoqrokda xandaq qazdirdim. Lashkarim bilan xandaq ichiga yaxshilab joylashganimdan keyin, lashkarlarimning bir favjini dushmanga qarshi jangga tashladim. Dushman qarshisiga borgach, o‘zlarini kuchsiz ko‘rsatib, qo‘rqqanday bo‘lib chekinishlarini va g‘animlarni dadillantirib kelishni buyurdim. Dushman lashkari bu holni ko‘rib o‘zlarini g‘olib hisoblab, gerdayib jang maydoniga chiqqan edilarki, (mening) qahrli lashkarim favjlari bilan yuzma-yuz keldilar. Dehli hokimi sulton Mahmud jangga kirishdi va yengilib tog‘ tarafga qochdi. Beqiyos xazina va mol-mulki sipohiylarimga nasib bo‘ldi.
Bir yil ichida Hindiston poytaxti Dehlini zabt etdim[3] va mazkur yilning oxirlarida saltanatim poytaxti (Samarqand)ga qaytdim[4].
[1] Sulton Mahmud (Sulton Nosiriddin Mahmudshoh II)–Shimoliy hindistonni idora qilgan Tug‘luqiylar sulolasi (1320–1413)dan chiqqan podshoh. U 1393–1399 yillari mamlakat hukmdori bo‘lgan.
[2] Malluxon–Sulton Mahmudshoh hukmronligi davrida vazir va amiralumaro bo‘lib, hukumatni deyarli o‘zi boshqargan.
[3] Dehli 1398 yil 18 dekabrda zabt etilgan.
[4] Bu voqea 1399 yil 27 aprelda yuz bergan.
Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi.