Hindistondan zafar qozonib qaytganimdan keyin, hali safar charchog‘i chiqmay turib, ikki Iroq hokimlaridan menga arznoma keldi. Yozishlaricha, Gurjiston kofirlari haddilaridan oshib, chegarani buzgan emishlar.
Men hamisha podshoxdar uchun kofirlarga qarshi g‘azovot qilishdan, mamlakatlarni zabt etishdan va jahongirlikdan yaxshiroq ish yo‘q, degan fikrda edim. Gurjiston imonsizlarining tug‘yon ko‘targani haqidagi xabar kelishi bilanoq kengash o‘tkazib, «o‘sha diyordagi boshqa buzuqi odamlarning ham bosh ko‘tarishiga yo‘l ochilmasin», deya zudlik bilan ularni daf qilishga tutindim. Xind yurishidan kelgan sipohiylarimga «xohlovchilar shu yerda qolsin, xohlovchilar men bilan borsin», deb ixtiyorni o‘zlariga berdim. Xuroson, Qandahor, Seyiston, Kermon, Tabariston, Gilon, Mozandaron va Fors viloyatlaridagi lashkarlarimga jang hozirligini ko‘rib, Isfahon atrofiga kelib, mening zafarli lashkarimga qo‘shilsinlar, deb yorlig‘lar jo‘natdim.
Xar bir mamlakatdagi itoatdan bo‘yintovlovchilarni turli yerlarga tarqatib yuborishni maslahat ko‘rdim. Chunonchi, Xuroson va Forsdagi bo‘yintovlovchilarni Turonzaminga ko‘chirdim va bu mamlakatlarning sathini ularning muxolifligidan tozaladim.
So‘ng Gurjiston viloyati qal’alarini zabt etish uchun o‘sha mamlakat ustiga otlandim. Sipohiylarning ko‘ngliga nima o‘tirsa, shuni qildim. Boshimga po‘lat dubulg‘a, egnimga dovudiy sovut kiydim, belimga Misr qilichini bog‘lab, bahodirligu kurash taxtiga o‘tirdim. Turonlik dovyuraklarga, Xuroson pahlavonlariga, Gilon va Mozandaron botirlariga qo‘rqinch soldim va Sivos[1] hamda Gurjiston qal’alarini fath qildim. Qal’adan turib (qarshilik ko‘rsatganlarning) barchasini mag‘lub etdim, qal’adan olgan o‘ljalarni esa g‘olib askarlarimga ulashdim. Ozarbayjonlik buzuqi, bevosh kishilarni jazoladim.
Shundan keyin Malatiya[2] qal’asi va uning tevaragidagi yerlarni fath etishga kirishdim. O‘sha qal’alarni fath aylab xotirjam bo‘lganimdan so‘ng Halab[3] va Hums[4] tomonlarga qarab yo‘naldim va bir oz harakat bilan bu mamlakatlarni ham o‘zimga qaratdim. So‘ng Misr va Shom mamlakatlarini zabt etishga kamar bog‘ladim[5].
[1] Sivos–Kichik Osiyoning yirik qal’a-shaharlaridan; o‘rta asrlarda Sebastiya deb nomlangan. «Sultoniya–Tabriz–Ko‘niyo» karvon yo‘li ustida joylashgan shahar. hozirgi vaqtda Turkiyadagi shu nomdagi viloyat markazi. (–А.А.)
[2] Malatiya–Rum mamlakatining mashhur shaharlaridan. Hozirda Turkiyaning shu nomdagi viloyat markazi.
[3] Halab – Shom(Suriya)ning shimolida joylashgan qadimiy shahar (milod.av. 20-asrdan ma’lum), o‘rta asrlarda Aleppo nomi bilan mashhur bo‘lgan.
[4] Hums–qadimgi Emessa, Osi (Oront) daryosi bo‘yida joylashgan va Shomga qarashli qadimiy shahar.
[5] Misr va Shom zabtiga Amir Temur yetti yillik (1399–1404) yurish vaqtida, aniqrog‘i 1399–1401 yillari kirishgan.
Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi.