Amr qildimki, amirlar, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar va oddiy sipohiylarga ushbu tartibda maosh berilsin.
Oddiy sipohiyga, o‘z vazifasini o‘rinlatib bajarishi sharti bilan, maoshi mingan otining bahosi bo‘lsin. Bahodirlarning maoshi ikki ot bahosidan to‘rt otgacha tayin qilinsin. O‘nboshilar maoshi qo‘l ostidagi oddiy sipohiylaridan o‘n barobar ortiq bo‘lsin. Yuzboshilar maoshi o‘nboshilarga qaraganda ikki barobar, mingboshilarniki esa yuzboshilarnikidan uch barobar ziyoda bo‘lsin.
Yana hukm qildimki, sipohiylardan qaysi biri urush ishlarida xatolikka yo‘l qo‘ysa, maoshidan o‘ndan birga kamaytirsinlar.
Yana buyurdimki, o‘nboshi yuzboshining tasdiqi bilan, yuzboshi mingboshining tasdiqi bilan, mingboshi amir ul-umaro (amirlar amiri)ning tasdiqi bilan ulufa olsinlar.
Amr qildimki, amirlar amirining maoshi o‘z qo‘l ostidagilardan o‘n barobar ortiq bo‘lsin. Shunga o‘xshash, devonbegi va vazirlarning maoshlari esa amirlarnikidan o‘n barobar ko‘p bo‘lsin. Yasovullar[1], qalaqchilarning[2] maoshlari o‘z xizmatlariga yarasha, mingdan o‘n ming (mikdorida) bo‘lsin.
Ahli majlis bo‘lmish sayyidlar, olimlar, fozillar, hakimlar, tabiblar, munajjimlar, qissaxonlar, xabarchilar va roviylarga o‘z hollariga qarab, suyurg‘ol, vazifa[3] va maosh belgilasinlar. Piyodalar, xizmatchilar, chodirchilarga yuzdan minggacha[4] maosh bersinlar.
Yana hukm qildimki, amir ul-umaro o‘z haqini devonbegi va vazirlarning tasdiqi bilan olsin. Davlat tomonidan belgilangan butun maoshlarning to‘liq ma’lumotlarini devonbegi va vazirlar avval menga bildirsin, so‘ngra tanxoh[5] berilsin.
Yana buyurdimki, sipohiylarning har biriga maosh olish yorlig‘i topshirilsin. Ularga berilgan mablag‘ miqdori shu yorliqning orqasiga yozib qo‘yilsin.
[1] Yasovul–xonlarning kichik xizmatchisi; qo‘riqchi, yaso bajarilishini nazorat qiluvchi.
[2] Qalaqchi–hosilga qarab xiroj miqdorini belgilab beruvchi minsabdor.
[3] Vazifa –bu yerda, nafaqa ma’nosida.
[4] Matnda aniq pul birligi ko‘rsatilmagan. Kichikroq pul birligi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak.
[5] Tanxoh–saroy xizmatchilari, lashkarboshilar va boshqalar uchun maxsus xazinadan beriladigan maosh pul, ba’zida alohida xizmat ko‘rsatgan beklarga tanxoh sifatida yer-suv berilgan.
Amir Temur faqat mahalliy mualliflarnigina rag‘batlantirmay, balki o‘z poytaxtiga chet el olimlari va shoirlarini ham jalb etdi hamda ularning hammasiga hotamtoylarcha mukofotlar hadya etar va o‘z shaxsiy e’tibori va homiyligi bilan ularni qo‘llab-quvvatlardi. Ana shu olimlarning ayrimlari Amir Temur saltanatida o‘z vatanidagidan ko‘proq ta’minlangan edi. (G. Vamberi)